Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Bugun tug'ilgan kun! O'zR FA akademigi Dilorom Yusupova


Tarix fanlari doktori (2001), professor (2012), akademik (2017) Dilorom Yusupova 1941-yil 21-iyulda Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tug'ilgan. 1958-yilda O’zMU (Mirzo Ulug'bek nomidagi Toshkent davlat universiteti) ning sharq fakultetiga o'qishga kirib, uni 1963-yilda tugatgan.

D.Yusupovaning ilmiy faoliyati 1963-yilda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutiga kirishdan boshlangan va 57 yildan beri u sharqona mualliflarning qo'lyozma asarlarini tadqiq qilmoqda. Olimaning ilmiy ishlari sharq xalqlarining yozma merosini manbali o'rganish, sharq qo'lyozmalari va litografik nashrlarning ilmiy tavsifi va katalogi yo'nalishida olib borilmoqda.

D.Yusupova fan sohasidagi ko'p yillik mehnati, ilmiy kadrlar tayyorlashdagi ulkan xizmatlari uchun “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan. 2017-yil 30-dekabrda u O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a'zosi etib tasdiqlandi.

Akademik Dilorom Yusupova, nafaqat respublikamizda, balki chet ellarda ham ko’zga ko’ringan olima, o'zining ilmiy ishlarini davom ettirmoqda, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash ustida ishlamoqda va o’zbek ilm-fani ravnaqi yo’lida mehnat qilmoqda.

D. Yusupova hozirgacha 4 nafar fan doktori va 4 nafar Phd va fan nomzodiga ilmiy rahbarlik qildi. Yaqin kunlarda yana 3 nafar shogirdi himoya arafasida turibdi. 300 dan ortiq ilmiy ishlari nashr bo’lgan.

Akademik Dilorom Yunusovnani bugungi tavallud ayyomi bilan O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Sharqshunoslik instituti jamoasi, shogirdlari nomidan muborakbod etamiz. Ilm atalmish bu mashaqqatli yo’lda yana uzoq yillar sobitqadamlik bilan mamlakatimiz ilm-fani rivojida o’z hissalarini qo’shishda, yoshlarga ilm ziyosini taratishda charchamasliklarini tilab qolamiz!

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!