Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Bugun tugʼilgan kun! Аkademik Baxtiyor Nazarov 75 yoshda!


Filologiya fanlari doktori, professor, OʼzR FА akademigi Baxtiyor Nazarov 1945-yil 17-sentyabrda Toshkent shahrida tavallud topgan.

Baxtiyor Nazarov oʼzbek adabiy tanqidchiligi maktabining yetakchi namoyandasi, oʼzbek adabiy tanqidchiligining ilmiy asoslarini, ayniqsa, istiqlol yillarida yanada rivojlantirib, yuqori bosqichga koʼtargan nazariyotchi-olim.

Uning XX asr oʼzbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayonni adabiy tanqidchilik nuqtai nazaridan tahlil va tadqiq etgan ilmiy ishlari bugungi oʼzbek adabiyotining badiiy saviyasini baholashda oʼziga xos oʼrin tutadi. Uning oʼzbek jadid adabiyotining oʼrganilmagan sahifalarini tadqiq etishga bagʼishlangan koʼplab ilmiy ishlari ushbu davr adabiyotini milliy, madaniy va adabiy qadriyatlarimizning tiklanishi nuqtai nazaridan yangicha oʼrganishda ilmiy asos boʼlib xizmat qiladi. XX asr oʼzbek adabiyotining yetakchi namoyandalaridan Oybek, Gʼafur Gʼulom, Zulfiya, А.Oripov, Muhammad Yusuf singari oʼz davri adabiy jarayonining asosiy rivojlanish tamoyillarini aks ettirgan yozuvchi-shoirlar ijodlari tadqiqiga yoʼnaltirilgan fundamental ilmiy ishlari oʼzbek adabiyotining XX asr hamda istiqlol davridagi taraqqiyot tendentsiyalarini belgilashga xizmat qilishi bilan alohida ajralib turadi.

U 1967-1973-yillarda Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti katta laboranti, ilmiy xodimi boʼlib ishlagan. 1973-1979-yillarda Fanlar akademiyasi Prezidiumi ijtimoiy-gumanitar fanlari boʼlimi ilmiy kotibi, bosh ilmiy kotib oʼrinbosari, 1979-1986-yillarda Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti ilmiy kotibi, katta ilmiy xodimi, 1986-1990-yillarda institut direktori lavozimlarida ishlagan.

1990-1992-yillarda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat maslahatchisi boʼlgan.

1992-1994-yillarda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vaziri birinchi oʼrinbosari, 1994-1998-yillarda Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti bosh ilmiy xodimi, 1999-2001 yillarda Fanlar akademiyasi Prezidiumi Ijtimoiy-gumanitar fanlar yoʼnalishi boʼyicha ilmiy muvofiqlashtiruvchi kengash raisi va Fanlar akademiyasi prezidenti maslahatchisi boʼlib ishlagan.

B.Nazarovning 20 ga yaqin monografiya va risolalarida XX asr oʼzbek adabiyoti va tanqidchiligining asosiy taraqqiyot tamoyillari tadqiq etilgan. Oliy va oʼrta taʼlim tizimi uchun hammualliflikda yaratilgan 10 ga yaqin oʼquv qoʼllanmalari va darsliklari adabiyotshunoslik sohasidagi bugungi taʼlim tizimining yetakchi namunalari hisoblanadi. Аyniqsa, uning bevosita rahbarligida 2012-yilda kirill va 2013-yilda lotin yozuvlarida chop etilgan “XX asr oʼzbek adabiy tanqidchiligi” darsligi oliy taʼlim tizimi uchun ushbu sohada yaratilgan ilk darslik ekanligi bilan eʼtiborga sazovordir.

Kasbiy tayyorgarligi, ilmiy-tadqiqot ishlaridagi bevosita ishtiroki va rahbarligi, zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarni qoʼllay olishi zamon talablari darajasida. Mustaqillik davrida eʼlon qilgan 200 dan ortiq maqolalarida eʼtibor, asosan, yangi davr qoʼygan vazifalarga qaratilgan.

B.Nazarov “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” doirasida Oʼzbekiston Milliy universiteti, Oʼzbekiston davlat jahon tillari hamda Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʼzbek tili va adabiyoti universitetlarida oʼrindoshlik asosida “XX asr oʼzbek adabiyoti”, “Аdabiyot nazariyasi” va “Аdabiy tanqidchilik” fanlaridan maʼruzalar oʼqib, adabiyotshunoslik sohasidagi yangi avlodni shakllantirish ishiga oʼzining munosib hissasini qoʼshgan.

OʼzR FА Til va adabiyot institutida 50 yildan ortiqroq vaqt mobaynida muntazam ravishda faoliyat koʼrsatgan adabiyotshunoslik sohasidagi doktorlik dissertatsiyalari himoyasiga ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashning doimiy aʼzosi, koʼp yillar mobaynida ushbu kengash raisi va oʼrinbosari sifatida yuqori malakali adabiyotshunos mutaxassislarni yetishtirish borasida samarali faoliyat koʼrsatgan. Koʼp yillar mobaynida OʼzR FA huzuridagi adabiyotshunoslik borasidagi Respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi raisi sifatida adabiyotshunoslik sohalaridagi ilmiy ishlarni koordinatsiya qilish (muvofiqlashtirish) ishlariga rahbarlik qilgan.

OʼzR FА Til va adabiyot institutida 1958 yildan buyon chop etilayotgan “Oʼzbek tili va adabiyoti” ilmiy jurnalining tahririyat aʼzosi, bosh muharriri, bosh muharrir oʼrinbosari vazifalarida koʼp yillar mobaynida masʼuliyat bilan faoliyat koʼrsatgan.

1996-2010-yillarda Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi adabiyotshunoslik va adabiy tanqid kengashining raisi sifatida oʼzbek adabiyotining istiqlol davridagi taraqqiyot tamoyillarini belgilash borasida samarali faoliyat koʼrsatgan.

B.Nazarovning bevosita ilmiy rahbarligi va ilmiy maslahatchiligida 10 ga yaqin fan doktori va 20 dan ortiq fan nomzodlari tayyorlangan. Uning tashabbuskorligi va tashkilotchiligi OʼzR Fanlar akademiyasi hamda Yozuvchilar uyushmasidagi jamoat ishlari, oʼnlab monografiyalarga masʼul muharrirlik, 15 fan doktoriga opponentlik, turli ilmiy-nazariy anjumanlarni tashkil etib, ularda oʼzi faol ishtirok etishida namoyon boʼladi.

Isteʼdodli olim tashkilotchilik va yuksak insoniy fazilatlari bilan respublika va xorijiy olimlar hurmatini qozongan.

Аkademik Baxtiyor Nazarovni bugungi tavallud ayyomi bilan Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi nomidan muborakbod etamiz! Ustozga farzandlari, yaqinlari va shogirdlari ardogʼida sihat-salomatlikda uzoq umr koʼrishlarini hamda oʼzbek ilm-fani rivojida oʼz hissalarini qoʼshishda charchamasliklarini tilab qolamiz!

 

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!