Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Bolaligida gʼalabaga hissa qoʼshgan inson xotiralari


Ikkinchi jahon urushi yillarida butun Oʼzbekiston mehnat frontiga aylantirildi. Front uchun jangchilar, oziq-ovqat, kiyim-bosh, qurol, ehtiyot qismlar yetkazish oʼzbek xalqi zimmasiga tushgan katta masʼuliyat, ogʼir mehnat boʼldi. Erkaklar frontda, keksa otaxonlar “Rabochiy batalьon” deb nomlangan ishchi qismlarida, ayollar va bolalar esa dalada, zavod va fabrikalarda tinimsiz mehnat qilib, urush ehtiyojlari uchun zarur mahsulotlarni yetkazish bilan ovora edilar. Bu haqda Toshkentning Labzak mahallasida yashagan, urush boshlanganda endigina 12 yoshda boʼlgan Fattoh Ergashev xotiralarida shunday bayon qilingan:
– Oilada 8 kishi edik, – deb xotirlaydi otaxon. – Otam Toshkentdagi samolyotsozlik zavodi qoshidagi ishchi xizmatiga chaqirildilar. U kishi kuni bilan xizmatda boʼlib, deyarli yarim tunda horib-tolib qaytar edilar. Bu ish uchun haq toʼlanmasdi. Onam uy bekasi edi. Eng kichik ukam hali norasida goʼdak, 6 farzandni boqish uchun hech qanday daromad va mablagʼ yoʼq edi. Men oilada ikkinchi farzand edim. 14 yoshimda oʼqishni tashlab, Toshkentdagi Chkalov nomli zavodga ishga kirdim. Zavodda harbiy samolyotlar uchun oʼrindiq tayyorlash sexiga qabul qilishdi. Bu yerda urush tugagaguncha, aniqrogʼi 1946 yilgacha mehnat qildim.
Zavod uyimizdan taxminan 15-20 kilometr uzoqda edi. Shahar transporti urush sharoiti tufayli uzluksiz yurmasdi. Ishga piyoda borar edik. Tong sahar
5 da yoʼlga chiqib, 8 ga ishga yetib borardim. Mehnat intizomi juda qattiq edi. Ish soati cheklanmagan boʼlib, baʼzan 15-16 soatgacha choʼzilib ketardi. Kechqurun yana piyoda 3 soat yoʼl yurib, yarim kechada uyga yetib kelar edim. 3-4 soat dam olib, yana erta bilan yoʼlga tushardim. Dam olish kunlari yoki soatlari haqida soʼz ham boʼlishi mumkin emas edi: zavod mudofaa ahamiyatidagi korxona boʼlganligi uchun tunu-kun uzluksiz ishlar edi. 
Qishning sovuq kunlari, ayniqcha, 1944 yilning qahraton qishi, sira yodimdan chiqmaydi. Ishga kelgunimcha yoki ishdan uyga qaytgunimcha egnimdagi kiyimlarim muzlab, taxtadek qotib qolar edi. Tuni bilan kiyim-kechakni tanchada quritib, ertalab tong yorishmay, izgʼirinli shamol uvullayotgan qorongʼu koʼchalardan yana ishga ketardim. Zavodga yetib kelgach, muzlab qolgan qoʼl-oyogʼimga issiq oʼtib ulgurmay, ish boshlardim. Men harbiy samolyotlar uchun oʼrindiqlar tikardim. Tushlik uchun 20 soniya vaqt berilar edi. Zavod ishchilari holdan ketib yiqilgunga qadar dastgoh qoshidan ketmas edilar.
Urush yillarida men ishlagan zavodda ishchilar yoshi, jinsidan qatьiy nazar fidokorona mehnat qilganlar, ularni bunga tirikchilik gʼamigina emas, gʼalabaga, yaxshi kunlarga boʼlgan umid undar edi. Hamma bir jonu bir tandek mehnat qilardi. Mehnat normasini ortigʼi bilan bajarganlarni «staxanovchi» deb atashardi. Men ham normani 127 foiz bajarib, «staxanovchi» nomiga erishganman. Ishchilar biror-bir unvon yoki mukofot olish niyatida mehnat qilmaganlar, ular oʼz vazifalarini sidqidildan bajarganlar, xolos.
Zavod ishchilariga 800 gramm non uchun kartochka berilgan. Men non kartochkasini uyga olib kelardim, unga olingan nonni oilamiz baham koʼrar edi. Bu albatta, kamlik qilardi, shuning uchun men tushlikda berilgan nonni yemasdan uyga, aka-ukalarimga olib ketardim. Buni koʼrgan ishchilar menga oʼz nonlaridan ozgina boʼlib berishar: «Ol, ye, senga ishlash uchun kuch kerak, axir xali juda yosh va kichiksan-ku!»-deb mehribonlik qilishar edi. Umuman, odamlar orasida mehr-oqibat juda kuchli edi.
Oilamiz katta boʼlishiga qaramay, xonadonimizdan muhandis Fyodor Vasilьevich Bukarev oilasiga joy bergandik. Ular bizlar bilan juda ahillikda yashaganlar. Urush tugagach, 1947 yilda Podmoskovьega koʼchib ketishdi. 1956 yilda ularnikiga borib mehmon boʼldim. Oʼtgan kunlarni xotirladik.
Mening fikrimcha, aynan mehr-oqibat, yaxshi kunlarga boʼlgan ishonch, gʼalabaga umid, shunday qiyin damlarda kishilarga madad boʼlib, kuch bergan. Tasavvur eting-a, haftalab issiq ovqat yemaganmiz, oylab goʼsht koʼrmaganmiz, bir burda non yesak «kunimiz yaxshi oʼtdi», – deb shukrona aytardik. Ust-boshimiz juda yupun, yozda oyoq-yalang yurardim, bir sutkada 4-5 soat uxlardim, bor-yoʼgʼi 14 yoshdagi jikkakkina, nozik bolaman. Shunday holatda bir necha yil ishladim. Oiladagi olti-etti jon uchun bir burda non topish, jigarlarimga boʼlgan mehr, zavoddagi ishchilar mehr-oqibati menga kuch bergan boʼlsa kerak-da.
Esimda, bir kuni tun yarmida sovqotib, qattiq charchab kelib, uxlab qolibman. Erta tongda kun yorishmay onam boshimni silab uygʼota boshladi: «Tur bolam, tur, ishga kech qolasan!». Uning soʼzlari qulogʼimga kiradi-yu, koʼzlarimni ochishga, boshimni koʼtarishga majolim yoʼq. Shu payt yuzimga bir tomchi qaynoq narsa tushdi, men yalt etib koʼzimni ochdim, bu onamning mehr-muhabbat toʼla yosh tomchilari edi. U bir qoʼli bilan beshikda uxlayotgan ukamni tebratib, bir qoʼli bilan mening boshimni silab, tinmay xirgoyi qilar edi:
«Oti oʼchsin Gitlerni, oti oʼchsin, jon bolam! Koʼpi ketib oz qoldi, oz qoldi-ku, jon bolam, sabr qilgin, jon bolam!». U shunday shikastalik bilan alla aytgancha, yum-yum yigʼlardi. Shu bir tomchi mehr yoshi va onamning soʼzlaridagi gʼalabaga boʼlgan ishonch menga shunday kuch bagʼishladiki, xorgʼinlikda bemajol ezilib yotgan joyimdan sakrab turdim...
Fattoh ota oʼsha kunlarni eslab koʼzlari yoshlandi. Hali suyagi qotmay, hayotning ogʼir sinovlariga duch kelganda uni mardonavor yenggan irodali inson oʼspirinlikda boshdan kechirgan qiyinchiliklarni, ona mehrini, mehr-oqibatni eslab koʼzlari yum-yum yoshlandi.

Dono Ziyayeva, 
O`zR FA Tarix instituti, t.f.d., professor.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!