Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Atom energetikasi va qayta tiklanuvchi energetika bir-birini oʼzaro toʼldirgan holda rivojlanadi


Negadir baʼzilar mantiqni shior qilib umuman mantiqqa qarshi ish tutishadi. Hech qanday asossiz balandparvoz soʼzlarni oʼrtaga tashlashadida, buni biror faktlar bilan isbotlash kerakligi toʼgʼrisida oʼylab ham oʼtirishmaydi. Mana yana bir shunday chiqish. (https://www.facebook.com/groups/628555417650343/permalink/864805480692001/)

Oʼzbekistonliklar АES qurilishiga qarshi emish. Qaysi oʼzbekistonliklar toʼgʼrisida gap ketayapti? Ular Oʼzbekiston aholisining necha foizini tashkil etadi? Hech qaysi jamiyatda hech qanday fikr 100 foiz aholi tomonidan toʼla qoʼllab-quvvatlanmaydi. Har bir inson oʼz fikriga ega, lekin jamiyat har bir kishining fikriga quloq solgan holda eng oqilona yoʼldan rivojlanishga intiladi.

Oʼzbekiston yalpi ichki mahsulotida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish ulushi oxirgi 10 yil ichida 2,5 barobarga, aholi tomonidan elektr energiya sarfi deyarli 2 barobarga oshdi. Bu tendentsiya yil sayin kuchayib bormoqda. Respublikamiz kelgusi 10 yilda metallurgiya, mashinasozlik, yengil sanoat va boshqa sohalarda yirik loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Bunday loyihalarni barqaror energiya manbalarisiz nafaqat amalga oshirish balki rejalashtirish ham mumkin emas. Shu nuqtai nazardan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi PQ−4422-sonli “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya (QTE) manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori, Oʼzbekistonda yoqilgʼi-energetika ta’minotini rivojlantirishning 2020−2030-yillarga moʼljalllangan konsepsiyasida qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan elektr energiyasining Respublikaning umumiy energetikasidagi ulushi (hozirgi kunda 10%) 2025-yilda 20 % ni 2030-yilga kelib esa 25 % ni tashkil etishi kerak. Shu yilga kelib Respublika boʼyicha umumiy energetika quvvati 29,3 GVt ga yetishi rejalashtirilayotganini hisobga olsak, qurilishi rejalashtirilayotgan АESning 2,4 GVt ulushi 8,2 % ni tashkil etadi. Yaʼni АES ulushi qayta tiklanuvchi energiya ulushidan qariyib 3 marta kam. Bu nimadan dalolat beradi? Bu Oʼzbekistonda energetikaning turli manbalarini mutanosib rivojlantirishga asoslangan, aynan mantiqan toʼgʼri energetik siyosat olib borilayotganining isbotidir. Har bir sohaning oʼziga yarasha afzallik va kamchiliklari bor. Bular toʼgʼrisida koʼp gapirilgan. Faqat bir tomonini taʼkidlamoqchiman, atom energetikasining asosiy afzalliklaridan biri bu arzon va qayta tiklanuvchi energiyadan farqli oʼlaroq, barqaror energiya manbai hisoblanadi. Bu esa rivojlanib borayotgan Respublikamiz iqtisodiyotini rejalashtirish uchun juda zarur.

Oʼzbekistonda hech kim qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rad etayotgani yoʼq. Аksincha, bu sohaning keskin rivojlanishi kutilmoqda, va oʼylaymizki, atom energetikasi va qayta tiklanuvchi energetika bir-birini oʼzaro toʼldirgan holda rivojlanadi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!