Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Arxeologiya institutining 2018 yilda o'tkazilgan arxeologik tadqiqotlar natijalari


 O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FANLAR AKADEMIYASI ARXEOLOGIK TADQIQOTLAR INSTITUTIDA O‘ZBAKISTON RASPUBLIKASI HUDUDIDA 2018 YILDA O‘TKAZILGAN ARXEOLOGIK TADQIQOTLAR NATIJALARIGA BAG‘IShLANGAN HISOBOT SESSIYASI BO‘LIB O‘TDI.

 

Yurtimiz hududlarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar, ya’ni qazish, dala qidiruv va buzilishi kutilayotgan yodgorliklarda olib borilgan nazorat ishlarining  natijalariga bag‘ishlangan yillik hisobot sessiyasi har yili mart aprel oylarida an’anaviy ravishda o‘tkazilib kelinmoqda. Ushbu sessiyani doimo o‘tkazilib kelinishi mutaxassislarning yangi tadqiqotlar, natijalar, ularning ilmiy tahlili borasida o‘zaro fikr va tajriba almashish imkoni beradi. Shu munosabat bilan O‘zR FA Arxeologik tadqiqotlar instituti tashkilotchiligida 2018 yildagi arxeologik dala mavsumi natijalariga bag‘ishlangan hisobot sessiyasi o‘tkazildi.

Hisobot sessiyasida Samarqand viloyatidagi Ochilg‘or, Surxondaryo viloyatidagi Burguttepa, Kayrittepa, Toshkent viloyatidagi Qarshovul, Quyun, Andijon viloyatidagi Mingtepa, Qo‘shtepa-2, Namangan viloyatidagi Chilhujra, Jizzax viloyatidagi Qaliyatepa, Toshbuloq, Buxoro vohasining qadimiy mudofaa devori hisoblanmish Kampirdevor, Poykend, Romiton, Vardonze qo‘rg‘oni va Varaxsha massivlari hamda Respublikamizning boshqa hududlaridagi arxeologik yodgorliklarda olib borilgan qazishma ishlarning natijalari tinglandi. Sessiyada tinglangan har bir hisobot mutaxassislar tomonidan qizg‘in kutib olinib, munozaralarga juda boy bo‘ldi, keng muhokama qilindi va qo‘lga kiritilgan moddiy ashyolar Markaziy Osiyo arxeologiyasini rivojida, ya’ni ilk dehqonchilik, shaharsozlik madaniyati, san’ati, hunarmandchilik, me’morchilik va ilk sivilizatsiyalar tarixini yoritishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi.

Muhokamada so‘zga chiqqan Samarqand, Termiz, Farg‘ona davlat universitetlari vakillari tomonidan sessiyada yildan-yilga yosh olimlarni chiqishlari soni oshib borayotganligi, kelgusidagi arxeologik tadqiqotlar sifatini yangi zamonaviy texnologiyalar asosida yanada yaxshilash, yodgorliklarni saqlash borasida o‘zlarini aniq fikrlarini bildirdilar va sessiya ishini yuqori baholadilar.

Yakunda arxeologik tadqiqotlarni natijalariga bag‘ishlangan “O‘zbekistonda arxeologik tadqiqotlar” to‘plami navbatdagi soni nashr qilinishi va arxeologik yodgorliklarni asrash, ularni qayta ro‘yxatga olish hamda zamonaviy texnologiyalar asosida ularning katalogini yaratish borasidagi ishlar bo‘yicha bir qator taklif va mulohazalar sessiya qaroriga kiritildi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!