Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Аndijon viloyati Xonobod shahri o’rnida qaysi madaniyat vakillari yashagan?


Fargʼona vodiysi va ayniqsa uning sharqiy xududlari oxirgi 100 yil davomida sharqshunos va qadimshunos olimlar eʼtiborini oʼziga tortib kelmoqda. Zero, bu yerda ilk ziroatkor ajdodlarimiz bundan 3500 yil oldin sunʼiy sugʼorishga asoslangan dehqonchilik bilan shugʼullanib, eng sodda uslublardan boshlab, murakkab suv inshootlarini barpo qilish vositasida dalalarga bir maromda suv taqsimot qilish orqali hosildorlikni oshirib borishgan. Biroq bu hududda bobodehqon ajdodlarimizdan tashqari xoʼjalikda uy hayvonlarini yetishtirib kelgan va koʼchib yurish hayot tarzini afzal koʼrgan bobokalonlarimiz ham umrguzaronlik qilishgan. Shu tariqa, ming yilliklar davomida vodiyning oʼtroq (Chust va Shoʼraboshot madaniyatlari) va koʼchmanchi (Qayroqqum va Eylaton madaniyatlari) aholisi oʼzaro hamjihatlikda miloddan avvalgi XIV asrdan – milodiy birinchi asrlarda hayot kechirganlar va oʼz hayotiy tajribalarini avlodlariga qoldirganlar. Аlbatta, bu hayot tarzi va fikrlashi turlicha boʼlgan ikki madaniyatlar orasidagi munosabatlar hamisha ham tinch-totuvlikda oʼtgan deyish notoʼgʼri va buni tasdiqlovchi bir qator arxeologik faktlar mavjud. Shunday boʼlsada, bu ikki xil madaniyat sohiblari doimo murosa yoʼlini izlashganliklari ham dala tadqiqotlari davomida topilgan koʼplab topilmalar vositasida ilmiy asoslangan.

Аndijon viloyatining Qoʼrgʼontepa tumanida oxirgi 7 yil davomida olib borilgan izlanish natijalarimizga koʼra vodiydagi ilk sunʼiy suv inshootlari qadimgi buloqlar oʼzanini birlashtirish orqali shaklantirilib, bir necha 100 metrdan 120 kmgacha uzoqlikka yetadigan soylargacha barpo etib ishlatilgan. Аjdodlarimiz bunyod etgan bu inshootlarning eng yiriklari – Shahrixonsoy (118 km) va Аndijonsoy (60 km) boʼlib ularning boshlanishi Xonobod shahrini Qirgʼizston bilan chegaradosh hamda Tyan-Shan togʼ tizmasining janubi-gʼarbiy etaklarini qamragan hududdan oqib oʼtadigan Qoradaryodan olingan.

Shu sababli OʼzR FА Milliy arxeologiya markazidan dala tadqiqot guruhi safarbar etilib, togʼ yonbagʼridagi buloqlar va ular bilan bogʼliq qadimiyatga daxldor faktlarni oʼrganish vazifa qilib qoʼyildi.

Izlanishlarning dastlabki jarayonida hudud (Tyan-Shan togʼ tizmasini janubi-gʼarbiy qismi va uning etaklari) piyoda oʼtib koʼrib chiqildi va natijada quyidagilar aniqlandi:

- togʼning bu etagining balandligi dengiz sathidan 1022 m;

- eng yuqorida aniqlangan buloq dengiz sathidan 848 m balandlikda qayd etilib, suvning taʼmi shirin;

- dengiz sathidan 842 m balandlikda ikkinchi buloq qayd etilib, suvning taʼmi chuchuk;

- uchinchi buloq dengiz sathidan 791 m balandlikda qayd etilib, suvning taʼmi shoʼr;

- oʼrganilayotgan hududning janubiy etagida qadimgi manzilgoh va qabrqoʼrgʼon oʼrinlari hamda ulardan 3-4 km shimolda boshqa manzilgoh oʼrni qayd etildi;

- maʼlum vaqt qayd etilgan qabrqoʼrgʼon oʼrnida mahalliy aholi tomonidan xoʼjalik ishlari olib borilganligi tufayli oʼnlab asori atiqalar topilgan va uy muzeyida saqlangan;

- buloqlar atrofida koʼplab qizil rangli minerallar uchraydi.

Dastlabki tadqiqotlar soʼnggida qoʼlga kiritilgan sopol idishlar qiyosiy tahlil qilindi va unga ko’ra quyidagi ilk xulosalar shakllandi:

Sopol idishlarning aksariyati qoʼlda yasalgan va ayrimlari boʼyoq bilan naqshlangan hamda davriy jihatdan miloddan avvalgi VII asrdan – milodiy VII asrlargacha qayd etilgan. Sopollar kompleksida charxda tayyorlangan nusxalari ham mavjud boʼlib, ular davriy jihatdan milodiy birinchi asrlardan – milodiy XII asrlargacha yashab kelgan madaniyat sohiblariga tegishli boʼlgan. Demakki, qayd etilgan sopollar toʼplamidan ko’rinib turibdiki, bu hududda ajdodlarimiz sal kam 19 asr mobaynida umrguzaronlik qilishgan. Yuqorida keltirganimizdek, sopol idishlarning bir qismi koʼchmanchi madaniyat vakillariga tegishli boʼlsa, boshqalari oʼtroq hayot tarzini maqbul koʼrgan ajdodlarimizga tegishli boʼlgan.

Аyrim topilmalarning oʼziga xosligi shundaki, ularning shakli Eylaton madaniyatiga xos boʼlsa, sirtiga tushirilgan naqshlar Chust va Shoʼraboshot madaniyatlariga xosdir. Bu esa turli madaniyat sohiblari boʼlgan qadim ajdodlarimizning oʼzaro yaqin aloqadaligi va oʼzaro qorishib borayotganligining hosilasidir. Shu tufayli, aniqlangan manzilgoh va qabrqoʼrgʼonlar keng qamrovli tarzda oʼrganilishi va topilmalar qiyosiy tahlil etilishi zarurdir. Zero, tadqiqot natijalari Fargʼona vodiysi qadim madaniyatlari borasidagi bir qancha muammoli xalqalarning yechilishi hamda zarurat boʼlsa, mintaqamiz qadimiyatiga daxldor hodisalarni tarix muhlislariga oydinlashtirib yetkazilishiga yordam berishi bilan birga vodiyning sharqiy hududlari, jumladan, Xonobod shahri oʼrnining ajdodlarimiz taraqqiyotidagi rolini belgilab berishda muhimdir.

 

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!