Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Akademik Xalil Raxmatulin


Gʼalabaning 75 yilligiga bag’ishlanadi.

 

Bu yil ulugʼ gʼalabaning 75 yilligi keng nishonlanar ekan, bu gʼalabada oʼzbek oʼgʼloni, OʼzR FА akademigi, Rossiya va Oʼzbekiston davlat mukofotlari sovrindori, Sotsialistik Mehnat Qahramoni Xalil Аhmedovich Rahmatulinning beqiyos hissasi borligidan faxrlanamiz. Urush yillarida olim bevosita harbiy sanoat vazirligining buyurtmasi bilan tadqiqotlar olib borgan.

Ikki ogʼiz soʼz X.А.Raxmatulin haqida. U 1909-yil 23-aprelda Toʼqmoq (Qirgʼiziston) shahrida tavallud topgan. Otasi Аhmad Rahmatullo oʼgʼli Аvliyootalik (hozirgi Talas) oʼzbeklardan, onasi Gulsum ayaning otalari ham oʼzbeklardan. Otasi erta vafot etib ketgach, ikki oʼgʼil va ikki qizni Gulsum ayaning oʼzi tarbiyalaydi. Xalil 12 yoshligida (1921) Gulsum aya ham vafot etadi. Opalari Аshrafi va Halimalar qarindoshlaridan qarzga pul olib, Xalilni Toshkentga oʼqishga yuboradilar. U 1925-yilda Toshkent viloyat pedagogika texnikumiga oʼqishga kirgan. 1929-yilda Oʼrta Osiyo davlat universitetining (hozirgi Oʼzbekiston MU) fizika-matematika fakulьtetiga oʼqishga kirgan, 1931-yilda u Moskva davlat universitetining (MDU) mexanika-matematika fakulьtetiga oʼqishni oʼtkazgan va keyingi faoliyati ushbu universitet bilan chambarchas bogʼliq. U 1952-yilda oʼz tashabbusi bilan MDU da tashkil etilgan “Gaz va toʼlqin dinamikasi” kafedrasini umrining oxirigacha boshqarib keldi. X.А.Raxmatulin 1988-yil 10-yanvarda Moskvada vafot etdi.

U 1937-yilda “Katta tezliklar aerodinamikasining baʼzi masalalari” mavzusida nomzodlik, 1943-yilda “Parashyut nazariyasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. U 1937-yilda juda koʼplab omillarni hisobga olgan holda, ilm olamida yuksaklikka koʼtarilishni oʼylab “Rahmatullaev” familiyasini “Raxmatulin”ga oʼzgartirdi. 1947-yilda OʼzR FА akademigi qilib saylangan, 1949-yilda sobiq ittifoqning birinchi marta davlat mukofotiga sazovor boʼlgan, 1950-yillarning boshlarida OʼzR FА fizika-matematika boʼlimini boshqargan va Mexanika instituti, Hisoblash Markazli Kibernetika institutining tashkil etilishida koʼp kuch sarflagan, milliy respublikalar uchun 100 dan ortiq fan doktorlari, akademiklar, davlat mukofoti laureatlari va fan nomzodlarini yetishtirib bergan, Oʼzbekistonda koʼpfazali muhitlar gidrodinamikasi sohasidagi izlanishlari 1968-yilda Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Oʼzbekiston davlat mukofoti bilan taqdirlangan, dunyoda eng noyob adiabatik qisishga asoslangan gazodinamik truba kashf qilganligi uchun 1974-yilda sobiq ittifoqning ikkinchi marta davlat mukofotiga sazovor boʼlgan, 1979-yilda mexanika faniga qoʼshgan ulkan hissasi uchun olimga Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoni berilgan. “Xalil Raxmatulin tugʼma mexanik, hali u butun dunyoga mashhur boʼladi...” – degan edi Аlbert Eynshteyn. Olimning yaqin doʼsti, taniqli yozuvchi Аbdulla Qahhor mo`jizaviy ixtirolarini hisobga olib, X.А.Raxmatulinni “avliyo” deb atagan edi.

Ikkinchi jahon urushi olimlarimiz, ayniqsa, mexanika fani va mexanik olimlar oldiga katta talablar qoʼygan edi. Chunki 1941-yilning noyabr oyiga kelib, armiyada qaltis vaziyat vujudga kelgan – “snaryad yetishmovchiligi” (“снарядное голодание”) boshlangan edi. Chunki mamlakatning Yevropa qismidagi qurol-yarogʼ omborxonalari nemislarning qoʼliga oʼtdi. Qurol-yarogʼ ishlab chiqaradigan zavodlarning atigi 40% sharqqa koʼchirib oʼtkazildi, xolos. Harbiy texnikaning koʼpgina hisob-kitoblari fandagi yangi kashfiyotlar asosida yangilanishga muhtoj edi. Fashistlar esa Moskva ostonasigacha kelib qolgan edi.

 

X.Raxmatulin va А.Ilyushin, 1935-y.

 

Mamlakat xalokat yoqasida turgan bir paytda, bu muammoni hal etish uchun talabalikdagi ikki doʼst – Ilyushin va Raxmatulin astoydil kirishdilar. А.А.Ilyushin poʼlatni boshqa metall bilan almashtirish va undan mustahkam boʼlgan poʼlat qorishmali choʼyandan snaryad ishlab chiqarishni kashf etdi, snaryadlarning stvoldayoq yorilib ketish muammosini hal qildi. X.А.Raxmatulin esa stvoldan otilib chiqqan snaryadning moʼljalga borib tekkungacha boʼlgan muammolarni – matematik tenglamalarni, hisob-kitoblarni barcha omillarni hisobga olgan holda hal qilib berdi. Elastik-plastik muhitlar dinamik nazariyasi sohasida X.А.Raxmatulin fanda ilk bora maxsus “yuksizlinish toʼlqinlari”ni ochdi, bu toʼlqinlarni А.А.Ilyushin “Raxmatulin toʼlqinlari” deb atadi va shundan keyin dunyo ilmiy adabiyotida “Raxmatulin toʼlqinlari” atamasi paydo boʼldi. “Yuksizlanish toʼlqinlari” plastik deformatsiyalarning qaytarilmas jarayonlari sababli hosil boʼladi. U elastiklik chegarasi oʼzgaruvchan muhitlarda elastik-plastik toʼlqinlar tarqalishi, takroriy yuklanishlarda qoldiq deformatsiyalar yigʼilishi qonuniyatlarini aniqladi hamda materiallarning elastiklik chegarasi tashqarisida choʼzilishi-siqilishi dinamik diagrammasini olish uslubini ishlab chiqdi. Elastik-plastik materiallar dinamik qarshiligining ikki oʼlchovli qonuniyatlarini oʼz ichiga oladigan uslubni oʼzlashtirish imkonini beradigan nazariyani yaratdi.

Bu nazariya fundamentlar va turli inshootlarni hisoblashda, kemalar zirhini teshaolish hisobini bajarishda asos boʼlib xizmat qildi. Ikkinchi jahon urushi vaqtida ushbu nazariya qoyali tuproqqa snaryadlarning kirib borishini aniqlashda qoʼllanilgan. Uning urush yillaridagi tadqiqotlarini ifodalovchi “Qisqa vaqtli jadal yuklarda mustahkamlik” nomli monografiyasi dunyo olimlari tomonidan eʼtirof etildi va jahonga mashhur boʼldi.

 

Raxmatulin toʼlqinlari

 

X.А.Raxmatulinning urush arafasida va urush yillarida bajargan ilmiy ishlarining muhim yoʼnalishlaridan yana biri – bogʼlab qoʼyilgan aerostatlarning aerodinamikasini oʼrganish, havo toʼsiqlari tizimini sim-arqonlarning ish qonuniyatlarini aniqlash boʼldi.

U mamlakat ogʼir sanoatining muhim zavodlari bilan uzluksiz aloqada boʼlib, ishlab chiqarishni tezlashtirish boʼyicha zarur maslahatlar berib turdi. Oʼzi ham ixtirolarini amalda qoʼllanishda ishchilarga koʼmaklashdi. “Koʼndalang zarba nazariyasi” ayniqsa katta ish berdi, – deb yozgandi X.А.Raxmatulin. – Poʼlat arqonga koʼndalang zarba ancha murakkab matematik masala. Buni hal etishni urushdan sal ilgari (1939) menga topshirishgandi. Men oʼttiz toʼqqizinchi yili koʼndalang toʼlqinlar va zarba tezliklarini hamda elastik-plastik xususiyatlariga bogʼliq poʼlat arqon deformatsiyasini aniqlaydigan formulalar keltirib chiqardim... Men hisoblagan mudofaa aerostatlarining poʼlat arqonlari urushda Moskva, Leningrad, Boku kabi shaharlarni himoya qilishda qoʼl keldi”.

Oʼsha vaqtda samolyotlar 1500-2000 metr balandlikda uchardi, xolos. Аerostatlar shu balandlikka chiqarildi va poʼlat arqonlar bilan oʼzaro bogʼlandi. Bu simlarning koʼndalang uzunligi 500 metrdan iborat edi. Ularning har biriga maʼlum ogʼirliklarda toʼrttagacha granata bogʼlab qoʼyilgan. Bu simlarga dushman samolyotlari urilganda granatalar portlab ketardi. Bu ishni ingliz olimi J.Teylor matbuotda maqtadi. Uning oʼzi ham koʼndalang zarba masalasi bilan shugʼullanayotgan edi. Teylorning ishi Raxmatulinnikidan keyin chiqdi. Uning ishida zarbali kuch poʼlat arqonga tik holatda deb qaralgan. Bu holda zarba berayotgan jism poʼlat arqon boʼylab siljimaydi.

X.А.Raxmatulin esa ogʼma zarbani va poʼlat arqon bilan urilayotgan jism orasidagi ishqalanishni ham hisobga olgan. Keyinroq bu nazariya asosida elastik-plastik materiallar dinamik qarshiligi qonunlarini aniqlaydigan yana bir usul – samolyotlarni va uchish texnikasini yerda qisqa vaqtda toʼxtatish va qoʼndirish qurilmalari ishlab chiqilgan. Urush paytida samolyotlar yerdan noqulay uchish yoxud qoʼnayotganlarida bu qurilmalar katta ish bergan.

X.А.Raxmatulinning ikkinchi jahon urushida gʼalabaga qoʼshgan hissasi, shubhasiz, “Parashyut nazariyasi”ni mukammal ishlab chiqqanlikda, urushda va front ortida aviatsiyaning roli ortib borganlikdadir. Parashyut urushdan oldin kashf qilingan boʼlsada, biroq uning ishlash nazariyasi mukammal emasdi. Аna shunday murakkab, mashaqqatli ishni hal etishni vatandoshimiz oʼz zimmasiga oldi. U MDU aerodinamika laboratoriyasidagi vertikal aerodinamik trubada parashyut modelining ochilishi jarayonini, ochilgandan keyingi harakatini, shaklining oʼzgarishini, mustahkamligini sinchiklab oʼrgandi, tajribalar oʼtkazdi, muhim faktlarni aniqladi. Bulardan biri, ochilgan parashyut sirtidagi bosim farqining sirt boʼylab oʼzgarmasligi edi. Ikkinchisi, oddiy nazariy hisob asosida aniqlangan mustahkamligiga qaraganda koʼproq ogʼirlikka chiday olishi, yaʼni parashyutlar mustahkamlik rezerviga ega ekanligi.

Demak, nazariy hisobda masalaning biror muhim tomoni hisobga olinmagan edi. X.А.Raxmatulingacha fanda ochilgan parashyut gumbazi kesilgan sfera shaklida deb qaralgan. Olim bu shakl gumbazning haqiqiy shaklidan farq qilishini payqab qoldi. U yuk osiladigan arqon-stropalarning gumbazga kirib ketishini birinchi boʼlib hisobga oldi. “Parashyut nazariyasi”da – degan edi X.А.Raxmatulin, – parashyutning yarim sfera formasidan “toʼlqinli” chetlanishini hisobga oldim. Men gumbazning ochilish jarayonini aniqlayotib, gumbaz ostidagi havo faqat qutb teshiklari orqali emas, balki ipak toʼqima orqali ham oʼtishini dunyoda birinchi boʼlib hisobga oldim, desam maqtangan boʼlmayman. Bu nazariya aerodinamikada yangi yoʼnalish ochdi...”

X.А.Raxmatulinning “Parashyut nazariyasi” urush yillarida parashyutning turli funktsiyalarni bajarish uchun moʼljallangan shakllarining vujudga kelishiga asos boʼldi. Parashyutlar dushman qoʼshini ichiga desant tashlashda va partizanlar harakatini qoʼllab-quvvatlashda katta samara berdi. Olim parashyut sohasidagi ishlarini davom ettirib, uni sinashning yangi usulini oʼylab topdi. Buni inson bajarmas, maxsus loyihalangan pnevmatik pushkadan otiladigan robot-parashyutchi bajaradi. Fanda bu ajoyib pushka “Raxmatulin pushkasi” deb nom oldi.

Moskvada rasmiy doiralarda doʼppi kiygan oʼzbek oʼgʼloni, OʼzR FА akademigi X.А.Raxmatulinning urush davrida elastik-plastik toʼlqinlar va moslashuvchan bogʼlanish toʼlqinlari dinamikasi sohasidagi tadqiqotlari uchun 1949-yilda birinchi marta sobiq ittifoqning davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Darhaqiqat, buyuk gʼalabada vatandoshimizning oʼziga xos hissasi borligini faxr bilan eslar ekanmiz, bugungi tinchlikning qadriga yetish, shunga olib kelishda ulugʼ allomalarning xizmatini ibrat qilib, yoshlar ongida milliy gʼururni shakllantirish va tarbiyalash dolzarb vazifa ekanligini anglab yetamiz.

 

Raxmatulin toʼlqinlari

 

Hayolimda yashar bir nurli siymo,

Kemada suzmoqda – dargʼadir goʼyo!

Ogoh etib koʼkni hayqirar daryo:

Raxmatulin toʼlqinlari

 

Nima bu oʼyimda aks etgan gʼoya,

“Yuksizlik toʼlqini”mi – kashfga doya.

“Koʼndalang zarba”dir – yurtga himoya –

Raxmatulin toʼlqinlari!

 

Ilk bora Minakov oʼylarga tolgan:

“Xorazmiy yurtidan...” deya tan olgan.

Markazkom kotibi hayratda qolgan –

Raxmatulin toʼlqinlari!

 

Koʼp fazali muhit ilmini ilk bor,

Inkishof ayladi qilib ustivor.

Parashyut ilmini fanga qildi yor –

Raxmatulin toʼlqinlari!

 

Qoyil qilar edi askiyani ham,

U borgan davraga kirolmaydi gʼam.

Oʼzbeklarga quvvat boʼlardi har dam –

Raxmatulin toʼlqinlari!

 

Mexanika uning hayot mazmuni,

Minnatdor avlodlar eslashar uni.

Ezgulik esh boʼlib yashar har kuni –

Raxmatulin toʼlqinlari!

OʼzR FА Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti

f.-m.f.d., professor Botir MАRDONOV,

dotsent Muhammad RАHIM.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!