Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Akademik Maxmud Salohiddinov olamdan o‘tdi


Markaziy Osiyo mintaqasida matematika fanining yirik namoyandalaridan biri, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi  akademigi Maxmud Salohiddinov 85 yoshida vafot etdi.

M.Salohiddinov 1933 yil 23 noyabrida Namangan viloyati, Namangan shahrida tug‘ildi. 1955 yili O‘rta Osiyo davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) tugatib, mazkur oliy o‘quv yurti aspiranturasida tahsil oldi. 1958 yilda nomzodlik, 1967 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1974 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi etib saylandi.

Iste’dodli olim o‘zining qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik va tashkilotchilik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Matematika instituti direktori, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, prezidenti, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Fanlar akademiyasi fizika-matematika bo‘limi mudiri va umrining oxirigacha O‘zbekiston Milliy universiteti professori va Fanlar akademiyasi Matematika instituti bo‘lim mudiri sifatida samarali mehnat qildi.

Akademik M.Salohiddinov Abu Rayxon Beruniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni, “Buyuk xizmatlari uchun”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Maxmud Salohiddinovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi nomidan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardligimizni bildiramiz.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!