Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Akademik bilan uchrashuv


Bugungi kunda jamiyatimizda ilm-fanning rolini oshirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ilg‘or ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy etish, joylarda ilmiy maktablarni mustahkamlash, iste’dodli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish muhim vazifalardan biriga aylandi.

Shu maqsadda respublikamizning turli joylarida faoliyat yuritayotgan maktablar, akademik litsey va kollejlar,  universitetlarda akademiklar va olimlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Akademik Mirziyod Mirsaidov joriy yilning aprel oyini Farg‘ona viloyatidagi bir qator ta’lim dargohlari tashrifi bilan boshladi.

  

Ustoz dastavval Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi 8, 29-maktablar va Vodil shaharchasidagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida iqtidorli o‘quvchilar bilan uchrashdi. Akademik fizika va matematika fanlaridan o‘tkazgan mahorat darslari o‘quvchilarning o‘z vaqtida fanlardan bilimlarni mustahkam egallash, ilm-fanga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshishiga imkon yaratdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shuningdek, akademik Farg‘ona davlat universiteti va Farg‘ona politexnika institutiga tashrif buyurib, u yerda professor-o‘qituvchilar hamda iqdidorli talabalar bilan uchrashdi. Ma’lumki jamiyatimizda ilmiy izlanishlarni ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning real muammolariga yo‘naltirish, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy integratsiyani ta’minlash, o‘z navbatida, ishlab chiqarish korxonalari tomonidan olimlarning ilmiy-texnologik ishlanmalarini amaliyotga joriy qilish samaradorligini oshirish mexanizmlarini yaratish masalalari o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Akademik Mirziyod Mirsaidov ana shunday masalalarga e’tibor qaratib, iqtidorli yoshlarni bu borada to‘g‘ri yo‘naltirish, ularga ustoz-shogird an’analarini davom ettirgan holda bilim berish zarurligini ta’kidlandi.

Tadbir ochiq muloqot tarzida o‘tib o‘qituvchi hamda talabalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar, ilm-fan sohosidagi yangiliklar va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

 

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!