Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutiga press-tur tashkil etildi


Joriy yil 25-avgust kuni Fanlar akademiyasi Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutiga ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Press-tur doirasida dastlab Institut faoliyatiga bagʼishlangan matbuot anjumani oʼtkazildi. Unda Institut faoliyati, bu yerda saqlanayotgan noyob qoʼlyozma manbalarning oʼrganilishi, restavratsiya va raqamlashtirish ishlari, kadrlar tayyorlash masalalari, shuningdek, Institut “Yosh olimlar” Kengashi tomonidan muntazam oʼtkazib kelinayotgan “Bilimkent” ilmiy seminari haqida ham maʼlumot berib oʼtildi.

Soʼngra press-tur ishtirokchilari restavratsiya va raqamlashtirish ishlari, Institut fondida saqlanayotgan qoʼlyozmalar yaqindan tanishdilar.

  

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti 1943-yil Oʼzbekiston Davlat xalq kutubxonasi (hozirgi Аlisher Navoiy nomidagi Davlat kutubxonasi) ning Sharq boʼlimi asosida tashkil topgan va 1950-yilgacha Sharq qoʼlyozmalarini oʼrganish instituti deb atalgan. 1950-yilda esa Institutda olib borilayotgan ilmiy sohalar qamrovini hisobga olib, Sharqshunoslik instituti deb nomlangan.

Dastlab Institutda Sharq qoʼlyozmalarini oʼrganishga moʼljallangan yagona boʼlim mavjud boʼlib, keyinchalik qoʼlyozmalarni tasniflash, ilmiy oʼrganish va tavsiflash, tadqiq etish va nashrga tayyorlash, shuningdek, Sharq xalqlarining siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarini oʼrganishga ixtisoslashgan boʼlimlar tashkil etildi.

Institutning ilmiy faoliyati asosan bu yerdagi qoʼlyozmalar fondi bilan bogʼliq. Bu qoʼlyozmalar majmuasi ilmiy jihatdan dunyodagi eng yirik va mashhur xazinalaridan biri hisoblanadi. Bu xazinada saqlanayotgan asarlarning ichida eng qadimiysi IX asrga oid (Qurʼoni karimning kufiy xati bilan kitobat qilingan nusxasi), eng yangilari esa XX asrning oʼrtalariga toʼgʼri keladi.

Qoʼlyozmalar majmuasidagi asarlar oʼzbek, arab, fors, tojik, urdu, pushtu, ozarbayjon, turk, tatar, turkman, uygʼur va boshqa sharq xalqlari tillarida yozilgan. Mazkur asarlar oʼrta asr va undan keyingi davrlar fanining turli tarmoqlariga, yaʼni tarix, adabiyot, falsafa, huquq, falakiyot, kimyo, tabobat, jugʼrofiya, dorishunoslik, til, musiqa, matematika, maʼdanshunoslik va boshqa sohalarga oid.

Hozirgi vaqtda qoʼlyozmalar xazinasida 26000 jildga yaqin qoʼlyozma saqlanmoqda. Ularning koʼpchiligida bir qancha asarlar jamlangan. Toshbosma va nashr etilgan kitoblarning umumiy soni 40000 ga yaqin jildni tashkil etadi. Ular Oʼrta Osiyo, shuningdek, Sharq mamlakatlari – arab davlatlari, Аfgʼoniston, Pokiston, Turkiya, Xitoy, Eron, Hindiston tarixini oʼrganishda oʼta muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, Institutning qoʼlyozmalar xazinasida 10 mingga yaqin tarixiy hujjatlar ham saqlanadi.

Fondda ming yillik tarixni qamrab oluvchi tarixiy hujjatlar ham saqlanadi. Ulardan eng qadimiysi X asrga va eng yangilari XX asr boshlariga toʼgʼri keladi. Buxoro, Xiva, Qoʼqon xonliklariga oid arxiv hujjatlari ularning asosiy qismini tashkil etadi. Bu hujjatlarni oʼrganish va nashr etish boʼyicha tadqiqotlar olib borilmoqda.

1952-yildan boshlab Institut xazinasida saqlanayotgan qoʼlyozmalar fihristini nashr etish ishlari yoʼlga qoʼyildi. Bugungi kunga kelib “Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Sharq qoʼlyozmalari toʼplami” nomli fihristning 11 jildi va tarix, tabobat, tabiiy fanlar, tasavvufga oid hamda “Sharq miniatyuralari” kataloglari ham nashr etildi. Qoʼlyozmalarni kataloglashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Institutda yana ilm-fanning buyuk daholari: Аbu Nasr Forobiy, Аbu Аli ibn Sino, Аmir Hisrav Dehlaviy, Аbdurahmon Jomiy, Аlisher Navoiy qalamlariga mansub asarlar qoʼlyozmalarining alohida fihristlari ham chop etilgan.

2000-yilda Institutning qoʼlyozmalar xazinasi dunyodagi eng boy qoʼlyozmalar majmuasi sifatida YuNESKO Madaniy meros roʼyxatiga kiritilgan.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targʼib qilish tizimini yaiada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 2017-yil 24-maydagi 2995-sonli Qaroriga asosan Institut mamlakatimizdagi qadimiy qoʼlyozmalar, tarixiy-madaniy ahamiyatga ega boʼlgan zamonaviy yozma manbalarni saqlash, oʼrganish, ilmiy asosda tadqiq etish va targʼib qilish boʼyicha yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi.

Institutning Konservatsiya va restavratsiya laboratoriyasida 7 nafar mutaxassislar faoliyat olib boradi. Bu yerda yiliga 10ga yaqin qoʼlyozma va toshbosma kitoblar sahifalari, muqova qismlarini taʼmirlash, ularga maxsus qutilar yasash amaliyotlari bajariladi.

Bundan tashqari, Institutda Mikrofilmlashtirish va skanerlash boʼlimi faoliyati ham yoʼlga qoʼyilgan. Boʼlimda 4 nafar mutaxassis faoliyat olib boradi. Xodimlarning yillik meʼyori 80 000 kadr qoʼlyozma va toshbosma kitoblarning raqamli nusxalarini tayyorlashdan iborat. Jumladan, 2017-2021-yillar davomida jami 1014 ta qoʼlyozma raqamlashtirilgan boʼlib, u 314 305 ta kadrni tashkil etadi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!