Zoologiya sohasida yangi hamkorlik yo'nalishlari

2018-yil noyabr oyida tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha rejani amalga oshirish maqsadida hozirda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashlarning raislari va a'zolaridan iborat delegatsiya Belorusiya Fan va texnologiyalar davlat qo'mitasi, Belorusiya Milliy fanlar akademiyasi hamda bir qator ilmiy-tadqiqot institutlarida bo’lib turibdilar.

Tashrif doirasida O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti ilmiy kotibi, professor Erkinjon Shakarboyev Belarusiya Milliy fanlar akademiyasi “Bioresurslar bo'yicha ilmiy-amaliy markazi” davlat ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasiga tashrif buyurib, u yerdagi ilmiy-tadqiqotlar va ishlanmalar bilan tanishdi. 2018-yil 12-iyunda Belarusiya MFA “Bioresurslar bo'yicha ilmiy-amaliy markazi” davlat ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi va O'zR FA Zoologiya instituti o'rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan bo’lib, shartnoma bandlari bo‘yicha hamkorlikni yangi bosqichlarga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Ushbu shartnomaga binoan hamkorlikning ustuvor yo'nalishlar belgilandi, entomologiya, ornitologiya, teriologiya, gerpetologiya va ixtiologiya parazitologiyasi, shuningdek, yuqumli va invazion kasalliklar qo‘zg‘atuvchilarini tarqatuvchi chivinlarni o‘rganish masalalarida qo'shma tadqiqotlar olib borish bo’yicha kelishib olindi. 2020-yilda O'zR FA Zoologiya institutining ikki nafar yosh olimlari Belarus Respublikasida amaliyot o'tashi, shu bilan birga, qo'shma xalqaro loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.