Yosh o‘zbek matematik olimi San Paulu fondi stipendiyasi sohibi bo‘ldi

O‘zR FA V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti yetakchi ilmiy xodimi Abror Xudoyberdiyev algebra va uning tadbiqlari bo‘yicha olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari uchun Xalqaro San Paulu Fondi stipendiyasiga sazovor bo‘ldi. 

Abror Xudoyberdiyev Xalqaro nazariy fizika markazi (ICTP) va Xalqaro matematika jamiyatining Abel Xalqaro olimlar almashinuvi dasturi tomonidan e’lon qilingan stipendiyalari sovrindoridir.

U 2014-yilda Birlashgan millatlar tashkiloti tasarrufidagi Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS) ning yosh a’zoligiga saylandi. 2017-yilda esa dunyoning eng yetakchi ilmiy  jurnallarida chop etilgan dolzarb maqolalari uchun Turk dunyosi matematika jamiyatining “Eng yaxshi ilmiy tadqiqot” uchun mukofoti bilan taqdirlangan.

Shu kunlarda yosh olim Xalqaro San Paulu ilmiy stipendiyasi doirasida Braziliyaning San Paulu shahrida ABC Federal universiteti professori Ivan Kaygorodov bilan hamkorlikda kichik o‘lchamli Novikov algebralarini tasniflash, konservativ algebralarni o‘rganish va bitta hosil qiluvchi elementga ega bo‘lgan konservativ algebralarni tasniflash ustida ilmiy izlanishlarini davom ettirmoqda.