“Smart Farming” sohasida hamkorlik toʼgʼrisida memorandum imzolandi

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika va Materialshunoslik institutlari hamda Koreya Respublikasining DK Ecofarm Co., Ltd. kompaniyasi oʼrtasida onlayn muzokaralar olib borildi. DK Ecofarm Koreyada “Аqlli qishloq xoʼjaligi” (Smart Farming) tizimini joriy qilish boʼyicha eng ilgʼor kompaniyalardan biri hisoblanadi. Onlayn muzokaralarning maqsadi – qayta tiklanadigan energiya manbalari, yarim oʼtkazgichli datchiklar va narsalar interneti (Internet of Things – IoT) texnologiyalaridan foydalangan holda Oʼzbekistonda aqlli fermerlik texnologiyalarini birgalikda ishlab chiqish va joriy etish boʼyicha hamkorlik aloqalarini oʼrnatish, shuningdek, ushbu texnologiyalarni tijoratlashtirish bilan bogʼliq loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan iborat.

 

Muzokaralar natijasida OʼzR FА Fizika-texnika va Materialshunoslik institutlari hamda DK Ecofarm Co., Ltd. (Koreya Respublikasi) oʼrtasida hamkorlik toʼgʼrisida memorandum imzolandi.

 

Kelishuvga muvofiq, tomonlar Oʼzbekistonda “aqlli” qishloq xoʼjaligi texnologiyalarini rivojlantirish va shu bilan bogʼliq boshqa bir qator sohalarda hamkorlik qiladilar. Shuni taʼkidlash joizki, raqamli iqtisodiyotni barpo etish iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida, shu jumladan, Oʼzbekiston uchun muhim tarmoqlardan biri boʼlgan qishloq xoʼjaligida axborot texnologiyalarini joriy etishni nazarda tutadi. Shu maqsadda DK Ecofarm Co., Ltd. bilan hamkorlikning asosiy yoʼnalishi – narsalar interneti texnologiyalaridan va qayta tiklanadigan energiya manbalari hamda yarim oʼtkazgichli datchiklardan foydalangan holda yopiq izolyatsiyalangan tizimlarda qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini etishtirish uchun texnik yechimlar ("Аqlli issiqxonalar") va avtomatlashtirilgan intellektual texnologiyalarni birgalikda ishlab chiqish va amaliy qoʼllash boʼladi. Ushbu texnologiyalarni amalda qoʼllash natijasida qishloq xoʼjaligida ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va ish unumdorligini hamda hosildorlikni oshirish imkoniyati yaratiladi.