Qoraytirilgan oynalar bundan ming yil oldin ham ishlatilgan

Quva – Fargʼona vodiysini qadimda Qoshgʼar bilan bogʼlagan Buyuk Ipak yoʼlida joylashgan shaharlardan biri. Аrxeolog olimlarning taʼkidlashicha Quva shahriga er. avv. III asrda asos solingan. Xitoy manbalariga koʼra bu shahar arab bosqiniga qadar Xunmin deb atalgan. Oʼrta asr Quva shahri esa shaharning qadimgi oʼrnida qayta tiklangan va uch qismdan: Аrk, Shahriston va Raboddan iborat boʼlgan.

 

Yodgorlikda arxeologlar tomonidan olib borilgan qazuv ishlari natijasida VII-VIII asrlarga oid buddaviylik ibodatxonasi topilgan boʼlib, buni u yerdan topilgan Buddaning loydan yasalgan haykali va buddviylikka xos boʼlgan boshqa haykalchalar ham tasdiqlaydi. Ushbu ibodatxona respublikamiz hududida aniqlangan sanoqli budda ibodatxonalaridan hisoblanadi.

Tadqiqotlar shuni tasdiqlaydiki, qadimda Quva shisha va undan tayyorlangan mahsulotlarni ishlab chiqarish boʼyicha yirik hunarmandchilik markazi boʼlgan. Shisha buyumlar nihoyatda yupqa boʼlib ulardan qadah, atir sepkich, qon bosimini tushirishda ishlatilgan alambika, tibbiyot kolbalaridir. Quva ustalari ishlagan shisha buyumlar shakli, bezalishi, rango-rangligi bilan ajralib turgan. Ustalar nafaqat maishiy sohalar uchun balki, qurilish oynalari ham ishlab chiqarganlar. Ular yasagan oynalar derazalar, tuynuklarga qoʼyilgan boʼlib, qora ranglilari ham uchraydi. Bu yodgorlikda uzoq yillar arxeologik qazuv ishlari olib borgan arxeolog olim B.Matboboyev Oʼrta Osiyoning yoz iqlimi sharoitida qoraytirilgan oynalarga boʼlgan ehtiyoj yuqori boʼlganligi va bunday oynalarning yaratilishi maishiy hayotda bundan ming yillar avval ham ishlatilganligini taʼkidlaydi.

 Shu bilan birga arxeologlar va numizmatlarning taʼkidlashicha VII-VIII asrlardagi ilk tanga pullar Quvada zarb qilingan.

Quvada VIII-IX asrlarda turar-joylar ikki qavatli qilib qurilganligi arxeologlar tomonidan tasdiqlangan. Quvadan topilgan, ayniqsa sirtiga oʼyib tushirilgan va qora boʼyoq bilan yozilgan bir necha turk-runik va arab yozuvi namunalaridan iborat boʼlgan sopol buyumlari diqqatga sazovordir.

Bugungi kunda ushbu yodgorlikning ham tarixiy va madaniy ahamiyati katta. Oʼzbekistonning turizm salohiyatini oshirishda arxeologik yodgorliklar va ularning ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirilishi Quva yodgorligi misolida Fargʼona vodiysiga nafaqat Oʼzbekiston, balki xorijiy turistlarni oʼziga jalb qilishida alohida ahamiyat kasb etadi.