Pavlovniya Yevropa texnologiyasi asosida O‘zbekiston sharoitiga moslashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev va Bolgariyaning “Paulownia BG” kompaniyasi menejeri Djan Duralov o‘rtasida Navoiy viloyatida pavlovniya plantatsiyasini yaratish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, pavlovniyaning tarixiy vatani Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘lib, Dj.Duralov o‘n yildan ortiq vaqtdan buyon mo‘jizaviy daraxtni etishtirish bilan shug‘ullanadi. U o‘zining texnologiyasini ishlab chiqib daraxtni Bolgariya sharoitiga muvaffaqiyatli moslashtirdi. So‘ng 2017-yilda Qirg‘izistonning "Social Tree" kompaniyasiga Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida pavlovniya plantatsiyasini tashkil etishga yordam berdi. O‘zR FA akademiklari va etakchi olimlaridan iborat delegatsiyasi joriy yilning sentyabrь oyi boshlarida qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasida ikki mamlakat Fanlar akademiyalari tomonidan tashkil etilgan Xalqaro ilmiy-amaliy seminarda ishtirok etishgan chog‘ida ushbu plantatsiyani ko‘rishgan edi.

Bo‘lim raisi A.Mirzayev sentabr oyining ikkinchi yarmida yana Qirg‘izistonga tashrif buyurib, Dj.Duralov bilan uchrashdi va unga O’zR FA Navoiy bo‘limining "Qizilqum ilmiy-tadqiqot stantsiyasi” davlat unitar korxonasi balansidagi Nurota tumanidagi 600 gektarli lalmi yerlaridan bir qismida pavlovniya plantatsiyasini yaratish loyihasini taqdim etdi hamda ularni O‘zbekistonga taklif qilgandi.

Bolgariyadan kelgan mehmonning so‘zlariga ko‘ra, pavlovniya - bu oddiy o‘simlik, ammo uni etishrish uchun malakali parvarish talab etiladi. U Quyosh nuri ko‘p tushadigan joylarda o‘sadi, shuning uchun u viloyatda mukammal ildiz otishi kerak. O‘simlikning rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan issiqlik miqdorini hamda havo va tuproqning o‘rtacha kunlik haroratining yig‘indisi sifatida tavsiflovchi Growing Degree Days ko‘rsatkich Navoiy viloyatida 2814 ni tashkil etadi. Bu Bolgariyaga nisbatan 1,6 - baravar, Issiqko‘lga qaraganda 2,8 - baravar ko‘p darajadan oshiqroq bo‘lib, doimiy va o‘rtacha sug‘orish, o‘g‘itlash ham bu masalada katta ahamiyatga egadir.

Shu asnoda, uchrashuv qatnashchilari loyihani Nurotada muvaffaqiyatli amalga oshirish, tadqiqotchilar va tajribali fermerlar ishtirokida daraxtni muayyan sharoitlarga moslashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishni talab qiladi degan fikrga kelishdilar.

Loyiha tafsilotlarini muhokama qilish jarayonida tomonlar Bolgariya kompaniyasi tomonidan pavlovniya ko‘chatlari va Isroilda ishlab chiqarilayotgan tomchilatib sug‘orish tizimini yetkazib berish to‘g‘risida kelishib oldilar. Shuningdek, “Paulownia BG” kompaniyasi pavlovniya plantatsiyasini yaratish uchun barcha zarur ma’lumotlarni taqdim etishi muhokama qilindi. Dj.Duralov daraxtlarni ekishda shaxsan qatnashishini, agar kerak bo‘lsa uning o‘sishi davrida maslahat berib turishini, besh yil davomida O‘zbekistonga har 15-30 kunda bir marta kelib turishi ta’kidladi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda “Mo‘’jiza daraxti”ni yetishtirish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan Qirg‘izistonning "Social Tree" kompaniyasi vakillari ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi.

Muzokaralar yakunida ishtirokchilar Nurota tumanida Navoiy bo‘limining "Qizilqum" ITS” DUK balansidagi yerlarni borib ko‘rishdi va viloyatda birinchi pavlovniya plantatsiyasi uchun 50 gektar yerni belgilab olishdi. Shunga ko‘ra, yetirishtirilgan daraxtlarning asosiy qismi yog‘och tayyorlash uchun, ma’lum bir qismi pelletlar va hayvonlarga barglaridan ozuqa olish uchun ishlatiladi.

Kelgusida loyihaning birinchi bosqichini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun “Pavlovniya” Markazini tuzish rejalashtirilgan bo‘lib, u yerda pavlovniyadan olinadigan imkoniyatlar taqdimoti o‘tkaziladi va manfaatdor fermerlar uchun maslahatlar beriladi. Pavlovniya plantatsiyasi yonida qurilish materiallari, chorva mollari uchun granulali ozuqa va mebel ishlab chiqarish sexlari quriladi. Bular barchasi pavlovniya klasterini tashkil etish uchun asos bo‘ladi.