Men elimning yuragida yashayman...

Baxt va shodlik kuychisi, iste’dodli shoir, dramaturg, olim, davlat va jamoat arbobi Hamid Olimjon 1909-yil 12-dekabrda Jizzax shahrida dunyoga kelgan. Ushbu sana munosabati bilan O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida buyuk o‘zbek shoiri Hamid Olimjonning 110 yilligiga bag‘ishlangan "Hamid Olimjon ijodining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati" mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda Hamid Olimjon hayoti va ijodi bo‘yicha yirik tadqiqotlar yaratgan akademik Naim Karimov, akademik To‘ra Mirzayev, bolalar adabiyoti mutaxassisi Rahmatilla Barakayev, shuningdek, yosh tadqiqotchilar so‘zga chiqib, shoir ijodining nihoyatda rang-barangligi, u yaratgan har bir asar insonga estetik zavq, ruhiy ozuqa berishini ta’kidladi.

 

Shoir ijodining har bir satri ona Vatanga sadoqat, o‘zbekona qadriyatlarimizni qadrlash, o‘zaro mehr-muhabbat kabi insoniy tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.