Аvval xabar qilganimizdek, joriy yil 19-avgust kuni Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy yutuqlari koʼrgazmasi oʼtkazildi. Mazkur koʼrgazmada ilk marta OʼzR FА Zoologiya instituti olimlari tomonidan yaratilgan koʼsak qurtiga qarshi biologik preparat namoyish etildi.
“Koʼsak qurti gʼoʼza va boshqa qishloq xoʼjalik oʼsimliklarining eng asosiy zararkunandalaridan biri hisoblanadi. Bunday zararkunanda hasharotlar sonini cheklovchi tabiiy omillar mavjud boʼlib, ularga kassalik chaqiruvchi mikroorganizmlar kiradi. Ularning orasida viruslar muhim ahamiyatga kasb etadi, ular maxsus taʼsir qilish xususiyatiga ega, yaʼni, faqat oʼz xoʼjayin hasharotini nobud qiladi. Tadqiqot natijalariga koʼra, entomopatogen virus gʼoʼzadagi koʼsak qurtiga qarshi ekologik toza boʼlgan istiqbolli biopreparat yaratishda asos boʼldi” deydi preparat mualliflaridan biri Zuhra Аhmedova.
“HAVIR” biologik preparati bilan katta dala tajribalari respublikamizning Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Fargʼona vodiysi viloyatlari fermer xoʼjaliklarida oʼtkazildi hamda yuqori biologik samaradorligi qayd etildi.
Biologik preparat afzalligi:
- Biopreparat koʼsak qurti sonini iqtisodiy zarar keltirish mezoni chegarasidan ortmaydigan darajada boʼlishini nazorat qilish uchun moʼljallangan.
- HAVIR biopreparati ekologik jihatdan sof hisoblanadi, oʼziga xos, faqat koʼsak qurtiga taʼsir etadi, foydali hasharotlar va issiqqonli hayvonlar uchun zararsiz hisoblanadi va 5-10 sentner hosildorlikni saqlab qoladi.
- Natijada mahalliy bozor uchun yangi mahsulot - biologik preparatni ishlab chiqarish, import oʼrnini bosish hamda mahsulot eksportini tashkil etish imkoniyatini beradi.
- Kimyoviy preparatlar sarf meʼyorini keskin kamaytirishga asos boʼladi.
- Ekologik sof mahsulot yaratiladi.
Mazkur preparat uchun OʼzR Intelektual mulk agentligi patenti olindi.