Kitob-albom taqdimoti oʼtkazildi

OʼzR FА Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida “Аbu Аli ibn Sino asarlari qoʼlyozmalari Turkiya kutubxonalarida” kitob-albomi taqdimoti oʼtkazildi. Unda Institut rahbariyati, ilmiy xodimlari hamda Turkiyaning Seljuk universiteti professorlari Mustafa Demirci hamda Fahrı Ozpılavcı ishtirok etdilar.

“Аbu Аli ibn Sino asarlari qoʼlyozmalari Turkiya kutubxonalarida” kitob-albom ikki qismdan iborat boʼlib, birinchi qismi kirish maqola va yetti boʼlimni oʼz ichiga olgan. Ulardagi Ibn Sino hayoti va ilmiy ijodiga doir maqolalar oʼzbek va turk olimlari tomonidan yozilgan.

Kitob-albomning ikkinchi qismida buyuk faylasuf Аbu Аli ibn Sinoning Turkiya kutubxona va muzeylarida saqlanayotgan qoʼlyozma asarlarining tavsiflari taqdim etiladi. Olimning asarlari mavzu boʼyicha tarjimai hol, tabobat, falsafa, mantiq, ilohiyot, adabiyot, tasavvuf, axloq va tafsir ilmiga ajratildi.

Ibn Sino asarlariga oʼz davridayoq va undan keyin ham qiziqish katta boʼlgan. Shu sababli Musulmon sharqning turli mintaqalaridan yetishib chiqqan mashhur olim va tabiblar Ibn Sino asarlariga sharhlar yozib, qisqartmalar tuzganlar. Keyinchalik bu qisqartmalarga sharhlar ham yozilgan.

Kitob-albomga Ibn Sino asarlariga boʼlgan eʼtibor va ehtiyojni koʼrsatish maqsadida Ibn Sino asarlariga yozilgan sharhlar, qisqartmalar, shuningdek, ularga bitilgan sharhlar ham kiritilgan.