Ishlanmalar taqdimoti o‘tkazildi

O‘zR FA tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-avgustdagi “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha mas’uliyatini yanada oshirish to‘g‘risida”gi PQ-4426-sonli qaroriga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan yaratilgan import o‘rnini qoplovchi mahsulotlarni ishlab chiqarishga joriy qilish dasturi” loyihasi ishlab chiqilgan.                                

Mazkur dastur loyihasiga “Olmaliq KMK” AJ tasarrufidagi korxonalarda laboratoriya va sanoat miqyosida sinovlardan o‘tgan ishlanmalar kiritilgan. 2020-yil 21-yanvar kuni ularni sanoat-tajriba sinovlarini o‘tkazish va joriy etishni tashkillashtirish maqsadida “Olmaliq KMK” AJ tasarrufidagi korxonalarning tegishli mutaxasisslari ishtirokida Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti Olmaliq filialida taqdimot o‘tkazildi. 

    

Unda O‘zR FA ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan yaratilgan import o‘rnini bosuvchi 15 ga yaqin mahsulotlar haqida ma’lumotlar berildi.  Yangi turdagi (12 nomda) payvandlash materiallari, namlikni ekspress aniqlash qurilmasi, burg‘alash moslamalarini mustahkamligini oshirish, ichimlik suvini tozalash, texnogen chiqindilardan nodir metallarni ajratib olish texnologiyalari shular jumlasidandir.