Hamkorlikning yangi ufqlari

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi va “SILA KREMNIYA AGRO TEX” MChJ XK o‘rtasida uchrashuv bo’ib o’tdi hamda  hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Uchrashuvda mehmonlarga Bo‘lim olimlarining qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida o‘zining ishlanmalari haqida ma’lumot berildi.

Jumladan, Bo’lim tomonida ishlab chiqilgan bentonit gili kukuni qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini ekishdan oldin qobiqlash uchun, undan yasalgan suspenziyani esa o‘simliklarni bargdan oziqlantirish uchun ishlatiladi. Bentonit havo va tuproqdagi namlikni shimib olib, saqlab turish qobiliyatiga ega. Shu sabab urug‘lar tezroq unib chiqadi va o‘simliklar lalmi yerlarda ham stresssiz rivojlanadi. O‘zbekistonning bir necha viloyatlaridagi qator fermer xo‘jaliklarning paxta dalalarida bentonit bilan olib borilgan tajribalar ijobiy natijalar ko‘rsatdi.

Yig‘ilishda boshqa istiqbolli ishlanmalar ham muhokama etildi. Mehmonlarni Toshqozg‘on konining grafit rudalarini boyitish loyihasi, ya'ni rudalarni maydalash texnologiyasi qiziqtirdi. Bunga sabab - kompaniya qurilish ehtiyojlarini qondirish uchun nanosement ishlab chiqarish sohasida ish olib boradi. Shu bilan birga, kompaniya issiqxonalar uchun issiqlik ishlab chiqarish maqsadida nanokremniy bilan qoplangan panellar yaratish ustida ish olib bormoqda.