Fan yutuqlari amaliyotda

“Fan” nashriyotida O’zR FA Zoologiya instituti parazitolog olimlarining «Otlarning asosiy nematodozlari va ularga qarshi kurash chora- tadbirlari» nomli amaliy tavsiyanoma nashr etildi. Mazkur amaliy tavsiyanoma otlarning asosiy nematodozlari va ularga qarshi kurash chora-tadbirlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda otlarda keng tarqalgan oksiuroz, paraskaridoz, strongilyatozlar, gabronemoz, drasheyoz, onxotserkoz, parafilyarioz, setarioz va strongiloidoz kabi kasalliklar tasnifi, qo‘zg‘atuvchilar morfologiyasi va rivojlanishi, epizootologik ma’lumotlar, patogenez va kasallik belgilari, patologoanatomik o‘zgarishlar, nematodozlar diagnostikasi, davolash va oldini olish choralari bo‘yicha ilmiy asoslangan ma’lumotlar keltirilgan.

Amaliy tavsiyanoma Zoologiya instituti Umumiy parazitologiya laboratoriyasida so‘nggi yillarda olingan ilmiy natijalar va adabiyot ma’lumotlari asosida tayyorlangan bo‘lib, undagi ma’lumotnomalardan otchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari mutaxassislari, shaxsiy ot boquvchilar, veterinariya mutaxassislari, oliy o‘quv yurtlarida soha bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar foydalanishlari mumkin.