Dunaliella salina - biologik faol birikmalar manbai

Oxirgi 10-15 yillarda Orol boʼyi koʼpgina suv havzalarida tuzlarning kontsentratsiyasi 100 g/l ni tashkil etmoqda va ularda Dunaliella salina suvoʼtlari paydo boʼlmoqda. Ushbu Dunaliella suvoʼtlari karotin (biomassaning 10%), lipidlar (biomassaning 10%) va glitserin (biomassaning 30%) tutishi sababli Аvstraliya, АQSh, Hindiston, Xitoy, Isroil va boshqa koʼpgina davlatlarda oʼstirilmoqda.

OʼzR FА Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan “Oʼzbekiston sharoitlarida suvoʼtlarni oʼstirish texnologiyalarini yaratish va uning asosida biologik faol moddalar olish” loyihasi doirasida Orol boʼyi suv havzalaridan Dunaliella salina AR-1 shtammi ajratib olindi. Ushbu shtammning oʼta toʼyingan shoʼrlangan sharoitlarda faol funksiyalanishi koʼrsatildi. Ilgari tavsiflangan Dunaliella salina shtammlari kabi, ushbu kultura biologik faol moddalarning (karotinoidlar, ksantofil, vitaminlar, turli omega-3 va 9 yogʼ kislotalari) deyarli barchasini oʼzida tutadi va rak kasalligiga qarshi, antidiabetik, antineyrodegenerativ, antimikrob xususiyatlariga egadir.

Dunalielladan tijoratbop mahsulotlar, yaʼni oziq-ovqat sanoati uchun, yem ishlab chiqarishda biologik faol qoʼshimchalar (BFQ) olish uchun miniplantatsiya qurish va Orol boʼyi sharoitlarida Dunaliella salina AR-1 sanoat darajasida oʼstirish texnologiyasini takomillashtirish zarurdir.