“Alhagi turkum oʼsimliklarining metabolitlari” nomli monografiya chop etildi

OʼzR FА Oʼsimlik moddalari kimyosi instituti olimlari tomonidan “Alhagi turkum oʼsimliklarining metabolitlari” nomli monografiya nashr etildi.

Monografiyada dunyo florasidagi Alhagi Tourn. ex Adans. turkumiga mansub oʼsimlik turlaridan ajratilgan ekstraktiv moddalar va individual holdagi birikmalarning kimyoviy tarkibi va biologik faolliklarining oʼrganilganlik darajasi, geografik tarqalishi boʼyicha ilmiy adabiyot maʼlumotlari jamlangan. Birinchi marotaba alkaloidlar, terpenoidlar, fenol birikmalar, uglevodorodlar, lipidlar va uglevodlarga mansub 460 dan ortiq birikmalarning tuzilishlari toʼliq namoyon etilgan. Аjratilgan birikmalar tahlil qilinganda ular orasida fenol birikmalar sinfi, jumladan flavonlar, flavonollar, flavononlar, izoflavonlar, izoflavonolignanlar va flavon-3-ollar guruhi flavanoidlari miqdoriy jihatdan koʼpligi aniqlandi. Maʼlum boʼldiki, bir xil turdagi metabolitlar sifat jihatdan oʼsimlikning oʼsish joyining ekologik-geografik va tuproq iqlim sharoitlariga bogʼliq. Monografiyada keltirilgan maʼlumotlar shuni koʼrsatadiki, Alhagi turkumiga mansub oʼsimliklar yangi turdagi istiqbolli dori vositalarini yaratishda muhim hisoblanadi.

Ushbu monografiya bioorganik kimyo, biologiya, farmakologiya sohasida ishlaydigan mutaxassislarga, shuningdek, shu sohaga oid magistr va bakalavrlarga moʼljallangan.