Tyan-shan florasi boʼyicha yirik ilmiy asar nashr etildi

Аtrof-muhitga antropogen omillar salbiy taʼsirini kun sayin ortib borayotgani va yashash muhitlarining qisqarishi biologik xilma xillik obyektlarining inventarizatsiyasi boʼyicha olib borilayotgan zamonaviy tadqiqotlarning dolzarbligini asoslaydi. Аynan bu boradagi izlanishlar oʼsimliklar xilma xilligi, xususan, uning endemizm fraksiyasi, kamyob va yoʼqolib borayotgan turlarini saqlab qolishda katta ahamiyatga ega. Shuning uchun ham alohida mamlakatlar yoki yirik tabiiy geografik hududlarning flora tarkibini xatlovdan oʼtkazish, maʼlumotlarning elektron bazalarini yaratishga talab ortib bormoqda. Аgar alohida mamlakatlar darajasida tuzilgan flora konspektlari maʼmuriy chegaralar doirasidagi mahalliy oʼsimliklar, xususan, milliy endemlarni saqlab qolish, tabiiy flora resurslaridan oqilona foydalanishning ilmiy asoslarini belgilab bersa, yirik tabiiy geograifik hududlar boʼyicha bu boradagi tadqiqotlar fundamental xarakterga ega boʼlib, floristik majmualarning shakllanish qonuniyatlari, endemizm oʼchoqlarini anglashda katta ahamiyatga ega boʼladi.

Mana shunday chuqur fundamental va ayni paytda katta amaliy ahamiyatga ega boʼlgan yirik ilmiy asarlardan biri O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika institutida Janubiy Koreya, Rossiya, Finlyandiya, Markaziy Osiyo mamlakatlarining bir qator yetakchi olimlari bilan birga yaratildi. Аkademik K.Sh. Tojibayev va boshqalar hammuallifligidagi “Checklist of vascular plants of the Tian-Shan Mountain System” nomli 607 sahifadan iborat boʼlgan kitob joriy yilning fevral oyida Seul shahrida nashrdan chiqdi. Mazkur asarda birinchi marotaba Tyan-shan togʼlarining Markaziy Osiyo qismida oʼsadigan oʼsimlik turlarining toʼliq tarkibi keltirilgan. Unda Qozogʼiston, Qirgʼiziston, Tojikiston va Oʼzbekiston Tyan-shan qismida uchraydigan 116 oʼsimlik oilalariga mansub boʼlgan 4283 turning tarkibi, zamonaviy nomenklaturasi, sinonimlari, geografiyasi va endemizm koʼrsatkichlari boʼyicha maʼlumotlar keltirilgan.

Ushbu asar tabiiy flora, oʼsimliklar geografiyasi va sistematikasi sohalarida faoliyat olib borayotgan olimlarning uzoq yillik mehnatlarining samarasi hisoblanadi. Uni tayyorlash davomida bu yoʼnalishlarga oid boʼlgan bir necha yuz ilmiy manbalarni chuqur tahlili barobarida Toshkent, Olmaota, Bishkek, Moskva va Sankt-Peterburg shaharlaridagi yirik gerbariy fondlari maʼlumotlarni jalb etilgan. Shuningdek, tadqiqot hududi boʼylab uzoq yillar davomida olib borilgan keng koʼlamli ilmiy dala tadqiqotlari mavjud maʼlumotlarni boyitishga xizmat qilgan.

Oʼylaymizki, bu asar dunyodagi mavjud 36 ta yirik bioxilma xillik oʼchoqlaridan biri boʼlgan Tyan-shan togʼlari florasi boʼyicha maʼlumotlarni umumlashtirgan manba sifatida uzoq yillar fan rivoji uchun xizmat qiladi.

Kitobning kirish qismi