Temuriylar tarixiga oid yozma manbalar tadqiqiga bag’ishlangan kitob

O’zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi tomonidan Temuriylar tarixiga oid yozma manbalar tadqiqiga bag’ishlangan kitob chop etildi.

“Amir Temur saltanati tarixiga oid yozma manbalar tadqiqi va tavsifi” deb nomlangan ushbu kitob tarixshunoslik yo‘nalishida tuzilgan bo‘lib, unda jahon miqyosida tarqalgan mazkur mavzuga oid yozma manbalarning tadqiqi va tavsifi berilgan. Kitobda dunyoning turli kutubxonalari, muzeylari va fondlaridan o‘rin olgan manbalar qamrab olingan.

Keltirilgan ma’lumotlar ham ilmiy, ham ma’naviy-g‘oyaviy va ham amaliy jihatdan dolzarbdir. Zero, bugungi yosh avlodni tarbiyalashda, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida ijtimoiy-gumanitar fanlar, ayniqsa tarix, ma’naviyat darslarini olib borishda shuningdek, respublikada ma’naviy targ‘ibot ishlarida Amir Temur va Temuriylar davri muhim g‘oyaviy omil ekanligi sir emas. Kitob Temuriylar davrida yaratilgan boy meros mazmuni bilan yaqindan tanishtiradi, O‘zbekiston tarixini manbalar asosida o‘rganish imkoniyatlarini kengaytiradi.