O‘zbekiston – Koreya: ilmiy aloqalar rivoji yo‘lida

OʻzR FA Botanika instituti direktori professor X.F.Shomurodov, “Oʻzbekiston florasi” laboratoriyasi mudiri akademik K.Sh.Tojibayevlar Janubiy Koreyaning Data Strategy Center (DRB International Co., Ltd.) direktori Kim Joonsung va menejer Shin Jong  bilan uchrashdi.

 

Data Strategy Center (DRB International Co., Ltd.) direktori Kim Joonsung Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotida ijobiy oʻzgarishlar boʻlayotganligini, tadbirkorlar davlat tomonidan muntazam, tizimli qoʻllab-quvvatlanayotganligi, chet ellik investorlarga qulay sharoit yaratilayotganligi sababli investorlarning ishonchi tobora ortib, investitsiyaviy muhit yanada yaxshilanayotgani aytib oʻtdi va Oʻzbekiston florasida uchraydigan ayrim kauchuk saqlaydigan oʻsimlik turlaridan tabiiy kauchuk mahsulotini olish, kauchuk manbasi boʻla oladigan oʻsimlik turlarini yetishtirish boʻyicha ma’lumot soʻradi.

Uchrashuvda akademik K.Sh.Tojibayev Oʻzbekiston florasida tarqalgan, yer ostki organlarida tabiiy kauchuk saqlaydigan oʻsimliklardan Scorzonera uzbekistanica Czevr. & Bondarenko turini dala sharoitida koʻpaytirib xom ashyo yetishtirish masalalari haqida fikr bildirdi. Scorzonera uzbekistanica Czevr. & Bondarenko oʻsimligini tarqalish areali, oʻsish sharoiti, bioekologik xususiyatlari va yetishtirish mumkin boʻlgan hududlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Bajarilishi kutilayotgan loyihani amalga oshirishda Botanika instituti olimlarining ilmiy salohiyati, malakasi, tajribasi yetarli darajada ekanligini alohida ta’kidladi.

Suhbat davomida har bir masala yuzasidan yechimlar topilib, amalga oshirish mexanizmi kelishib olindi. Kelgusida bajarilishi kutilayotgan loyihadan har ikkala tomon ham manfaatdor ekanligi bildirildi.