Oʼzbekiston hududidan 108 yil oldin terilgan va hozirda yoʼqolib ketgan turning gerbariy namunasidan DNK ajratib olindi

OʼzR FA Botanika institutining Molekulyar filogeniya va biogeografiya laboratoriyasida Oʼzbekiston florasidagi endem oʼsimliklarining DNK barkodi va bankini yaratishga oid davlat dasturi asosida ilmiy izlanishlar amalga oshirilmoqda. Laboratoriya xodimlari Oʼzbekiston hududida uchragan, shuningdek, Oʼzbekiston Qizil kitobida kamyoblik darajasi “0” sifatida kiritilgan Omonqoʼton tangaoʼtining (Hedysarum amankutanicum B. Fedtsch.) Oʼzbekiston Milliy gerbariysida (TASH) saqlanayotgan yagona namunadagi 1913-yilda terilgan gerbariysi bargidan foydalangan holda yadro DNK sini sifatli darajada ajratib olishga muvaffaq boʼlishdi.

Uzoq yillar davomida dala tadqiqotlarida topilmagan, yaʼni yoʼqolib ketgan deb taxmin qilinayotgan turni yadro DNK sini ajratib olish va buning uchun yangi metoddan foydalanilganligi diqqatga sazovor. Mazkur yangi metodni nafaqat Hedysarum amankutanicum uchun, balki boshqa yoʼqolib ketgan va eski namunadagi gerbariylardan DNK ajratib olish uchun ham foydalanish mumkin. Hozirda ushbu yangi metodga patent olish uchun Oʼzbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi huzuridagi Intellektual Mulk agentligiga tegishli hujjatlar tayyorlanmoqda.