O‘zbekiston delegatsiyasi Keniyada bo‘lib o‘tgan Forumda ishtirok etdi

2019-yil 6-12-mart kunlari BMTning “Atrof-muhitda fan, siyosat va biznes” forumi kotibiyati taklifiga binoan O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, akademik B.T.Ibragimov hamda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, akademik K.Sh.Tojibayev Keniya Respublikasiga tashrif buyurdi va “The 2nd Global Session of the UN Science-Policy-Business on the Environment” forumida ishtirok etishdi. Forumda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi 2000ga yaqin etakchi olimlar, ekspertlar, turli davlat vakillari ishtirok etishdi.

Tashrif chog'ida O’zbekiston delegatsiyasi chet ellik sheriklar bilan Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi mintaqaviy hamkorlik masalalari va Xitoy Fanlar akademiyasi tadqiqot institutlari bilan o'zaro manfaatli loyihalarni muhokama qilishdi. Jumladan, Qirg'iziston Respublikasi Milliy Fanlar akademiyasi prezidenti akademik Jumatayev Muratbek Sadirbekovich bilan O'shda (Qirg'iziston Respublikasi) “Fan va ta'limning mintaqaviy rivojlanishdagi o'rni” mavzusida hamkorlikda konferensiya o'tkazish to'g'risida kelishuvga erishildi. Ushbu konferensiyasining asosiy maqsadi Farg'ona vodiysining mintaqaviy muammolarini muhokama qilish, mavjud muammolarni hal etishda fan va ta'limning rolini baholashga qaratiladi. Konferensiyaga O'zbekiston Respublikasidan 20 nafar ishtirokchi, asosan, Farg'ona vodiysi universitetlari hamda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vakillaridan taklif etilishi ko’zda tutilmoqdi.

Bundan tashqari, Xitoy Fanlar akademiyasi Sinszyan bo'limi vakillari bilan uchrashuvlar chog'ida Orolbo'yi ekologiyasi va biologik xilma-xilligini o'rganish sohasida hamkorlikdagi masalalar muhokama qilindi. Orolbo'yi hududida mavjud bo'lgan shart-sharoitlarni hisobga olgan holda ikki bosqichdan tashkil topgan - tadqiqot qismi va yangi texnologiyalarni qo'llashda  uzoq muddatli hamkorlikni rejalashtirishga ehtiyoj sezildi.

Shuningdek, Nukusda 2019-yil may oyida “Orol dengizi havzasida suv va ekologiya o'rtasida o'zaro bog'liqlik va sinergik rivojlanish” (“Interrelationship and Synergistic Development between Water and Ecology in Aral Sea Basin”) xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasini o'tkazish masalasi ham muhokama qilindi. Etakchi xorijiy ekspertlarni, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror foydalanish sohalari bilan shug’ullanadigan xalqaro tashkilotlar vakillarini, O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasini olimlarini, oliy o’quv yurtlari va O’zbekiston Respublikasi O’rmon хo’jaligi Davlat qo’mitasi vakillarini ushbu tadbirga jalb qilish bo’yicha taklif kiritildi.