“Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi” kitobi taqdimoti

2018 yil 7 sentabr kuni “Oʻzbekiston” nashriyotida taniqli tarixchi-arxeolog olim, oʻzbek xalqi etnogenezi va etnik tarixi boʻyicha qator ilmiy maqolalar, risola va kitoblar muallifi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Ahmadali Asqarovning rus tilida “Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi” nomli asari taqdimoti boʻlib oʻtdi. Asar oʻzbek xalqining etnogenezi, etnik va millat boʻlib shakllanish tarixiga bagʻishlangan boʻlib unda xalqimizning yaqin 4 ming yillik tarixi arxeologik, antropologik, etnografik, lingivistik, tarixiy toponimika va qadimgi yozma manbalar maʼlumotlarining ilmiy tahlili asosida bayon etilgan. Tadqiqotda oʻzbek elatining xalq sifatida tarixan shakllanishi tub joyli turkiy va qadimgi eroniy tilli qabila va elatlarning uzoq asrlar davomida oʻzaro etnik qorishuvi asosida Oʻrta Osiyo ikki daryooraligʻi va unga tutash hududlarda tarkib topganligi oʻz isbotini topgan.

Asar kirish va keng xulosadan tashqari 20 bobdan iborat. Unda foydalanilgan tarixiy manbalar va ilmiy adabiyotlar roʻyxati, atamalar izohli lugʻati ilova qilingan. Kitob mavzuga tegishli rangli foto materiallar, xaritalar bilan taʼminlangan.