“Fizikaviy elektronika va fotonika” mavzusida ilmiy anjuman o‘tkazildi

O‘zbekistonda fizika fanining rivojlanishiga o‘zining katta hissasini qo‘shgan, fizikaviy elektronika sohasida jahonda taniqli olim va ko‘p atomli organik va biorganik molekulalarning qattiq jism sirtidagi adsorbtsiya va ionlashuv hodisasini aniqlash va ular asosida gaz tahlil asbobsozligini rivojlantirish bo‘yicha yangi maktab yaratgan O‘zR FА akademigi, Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti bosh ilmiy xodimi O‘.X.Rasulev 80 yoshga  to‘ldi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi  U.A.Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida akademik O‘.X.Rasulevning 80 yillik yubileyiga bag‘ishlangan “Fizikaviy elektronika va fotonika” mavzusidagi respublika ilmiy anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda O‘zR FA Prezidiumi vakillari va ilmiy-tadqiqot muassasalari etakchi olimlari, Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi A.V. Rjanov nomidagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi instituti, Rossiyaning lazer va plazma instituti, Tojikistonning akad. B.G‘ofurov nomidagi Xo‘jand davlat universiteti,  O‘zR Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazi mutaxassilari hamda respublikaning yirik oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, doktorantlari, magistr va talabalari ishtirok etishdi.  

Unda fizikaviy-elektronika va fotonika sohasida innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish va yangi materiallar yaratish bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. Nanostrukturali materiallar olishning texnologiya va usullari, O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim muammolaridan bo‘lgan elektronika va energetikasi uchun yangi materiallar olish texnologiyasi bo‘yicha ilmiy ishlar muhokama etildi. Fundamental tadqiqotlar natijalarini amaliy muammolarni hal etishga qo‘llash, adsorbtsiya, elektron va ion emissiyasi muammolari, shuningdek ularning amaliy jihatlari, lazer nurlarining moddalar bilan o‘zaro ta’siri va lazer texnologiyalarini yanada jadallashtirish, optik va fotoelektrik hodisalar, yarimo‘tkazgichli materiallar va nanokristallarning keng doirasi asosida nanostrukturalarning shakllanishi, optik nurlanishning konversiyasi va o‘zaro ta’siri bo‘yicha ma’ruzalar keng muhokama qilindi.

  

Anjumanda muhokama etilgan yangi ilmiy natijalar fizikaviy elektronika va fotonika yo‘nalishlarining zamonaviy holatini namoyon etdi. Anjuman ishida turli ilmiy markazlar olimlarining ishtirok etishi fizikaning bu yo‘nalishlaridagi dolzarb muammolarini hamda xalqaro va regional ilmiy-texnikaviy dasturlar doirasida turli mamlakatlar tadqiqotchilarining hamkorlik qilish imkoniyatlarini aniqlashga imkon berdi.