Fan uchun noma'lum o'simlik turi aniqlandi

O'zR FA Botanika instituti O'zbekiston florasi laboratoriyasi hamda O'zbekiston Milliy gerbariysining eng ustuvor yo'nalishi mamlakat hududida o'sayotgan o'simliklar bioxilma xilligining inventarizatsiyasi va davriy invertarizatsiyasini amalga oshirish, o'simlik turlarining tarqalishini geoaxborot texnologiyalar vositasida xaritalash va ma'lumotlar bazasini tuzishga qaratilgan. Mana shu ustuvor vazifani bajarish uchun Institut xodimlari tomonidan doimiy ravishda ilmiy tadqiqotlar dala sharoitida olib boriladi.

Shunday dala tadqiqotlaridan biri Farg'ona vodiysining shimoliy qismida olib borildi. Ilmiy ekspeditsiya davomida  Qirg'iziston Respublikasiga chegaradosh hududdan hozirgacha fan uchun noma'lum bo'lgan yangi yovvoyi piyoz turi topildi.

Ma'lumki O'zbekiston yovvoyi piyozlarning kelib chiqishi va turlar xilma-xilligi mavjud hudud hisoblanadi. Terilgan gerbariy namunalarini laboratoriya sharoitidagi tahlillari shuni ko'rsatdiki, yangi topilgan o'simlik turi hozircha fan uchun yangiligi aniqlandi. Unga eng yaqin bo'lgan o'simlik turi Tojikiston va Qirg'iziston Respublikalari hududlaridagi Baland tog' hududida o'sadigan Allium minitum Vved. ya'ni, kichik piyoz nomi bilan kiritilgan o'simlikdir. O'xshash belgilari ularning gulining tuzilishi va oq rangda bo'lishi, farqi esa ekologik makoni hisoblanadi. Chunki Allium minitum ya'ni, fanga hozirda ma'lum bo'lgan tur Alp mintaqasida 3000 metrdan balandlikda uchrashsa, yangi topilgan o'simlik turi esa adir mintaqasida 1000-1100 metr balandlikda o'sadi. Hozirda mazkur o'simlik turining guli tuzilishi bo'yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, mazkur o'simlikning urug'i elektron mikroskop orqali o'rganiladi. Shundan so'ng Institut olimlari oxirgi xulosani beradi va unga nom qo'yiladi. O'rganish natijalari e'lon qilinadi.