Anjuman oʻz ishini yakunladi

Oʼzbekistondagi Suffa yassi togʼida joylashgan radioobservatoriyaning bugungi holati va istiqbollari” nomli xalqaro anjumanning ikkinchi kunida ishtirokchilar Suffa tekisligiga borib, qurilish joyini, “Suffa” XRAOning va RT-70 teleskopining hozirgi holati bilan yaqindan tanishdilar.

Anjumanning soʻngi, uchinchi kuni radioastronomiya sohasidagi xalqaro ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga, astrofizik obyektlarning RT-70 teleskopida tadqiqot qilinishi imkoniyatlarini oʻrganishga, Suffa tekisligi ob-havo sharoitlari va astroiqlimi tahliliga, RT-70 teleskopiga oʻrnatiladigan ilmiy asboblar va yuqori sezgirlikka ega radiotoʻlqin qabul qilgichlariga bagʻishlandi.

Xalqaro anjuman ishining natijalariga koʻra “Suffa” Xalqaro radioastronomik observatoriya qurilishini oxiriga yetkazishga biriktirilgan mutaxassislar va tashkilotlar uchun tavsiyanomalar ishlab chiqildi hamda obyektni qurib bitkazish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” loyihasi tayyorlandi.