“Amir Temur. Bibliografiya. Birinchi kitob”i nashr etildi

Amir Temur saltanati tarixiga oid ko‘plab tadqiqotlar mavjudligi alohida bibliografik nashrni tuzishni taqozo etayotgan edi. Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy jamoasi tomonidan “Amir Temur. Bibliografiya. Birinchi kitob”i nashr etildi. 

Ushbu bibliografiyaning boshqalaridan farqi, kitobda mavzuning turli aspektlari va turli sohalarini yoritgan adabiyotlar qisqa izoh bilan keltiriladi. Shuni ta’kidlash joizki, izohlar manbalar tarjimalari va nashrlariga, monografiyalarga, kitoblarga, to‘plamlarga, ilmiy tadqiqotlarga berilgan, maqolalar izohsiz keltirilgan. Izohlar berilgani istiqbolda yaratilajak tadqiqotlar ishini yengillashtiradi. Muammoning turli soha masalalari bilan maxsus ilmiy tadqiqot olib boruvchilarga asqotadi. Chunki tadqiqotchi o‘rganayotgan mavzuning manbashunosligi va tarixshunosligi tahlilini olib boradi, so‘ngra ilmiy tadqiqotga jalb qiladi. Tayyorlangan bibliografiya tarixchilar, mavzuning turli soha tadqiqotchilari uchun ilmiy izlanishlarida nihoyatda qulaylik yaratadi. Unda asosiy e’tibor Amir Temur saltanati tarixini chuqur o‘rganishga qaratilgan bo‘lib, tadqiqotchining turli davrda va turli tillarda yaratilgan adabiyotlar bilan mukammal tanishishiga amaliy xizmat qiladi.

Ushbu kitob Amir Temur tarixiga bag‘ishlangan tarixiy manbalar, tadqiqotlar, mahalliy va xorijiy nashrlar haqida 5000 dan ortiq adabiyotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, unda o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, turk, arab, fors tillarida nashr etilgan turli kitob va maqolalar nashrlari jamlangan.