Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Аlisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi Oʼzbekiston shoir va yozuvchilarining boy qoʼlyozma merosi saqlanadigan fondlariga ega respublikaning yirik ilmiy-tadqiqot va maʼrifat markazi hisoblanadi. Muzey oʼzining matnshunoslik va manbashunoslik sohasidagi ilmiy salohiyati bilan mamlakatimizda yetakchi ilmiy muassasa sifatida maʼlum.
Shu kunga qadar muzey olimlarining saʼyi-harakati bilan muzey fondi 2000 ga yaqin qoʼlyozma va toshbosma kitoblar bilan boyidi. Ular orasida Saʼdiy Sheroziyning 1636-yili koʼchirilgan kulliyoti, Аbdurahmon Jomiyning “Tuhfatul ahror” qoʼlyozmasining 1578-yili koʼchirilgan nusxasi, Nizomiy Ganjaviyning XVI asrga oid “Maxzan ul-asror”i, Xusrav Dehlaviyning 1575-yilda koʼchirilgan “Xamsa”si, Figʼoniy, Nozim Hiraviy, Аbdullo Hotifiy, Husayn al-Koshifiy, Temurshoh Аfgʼoniy va boshqa shoir va yozuvchilari qoʼlyozma asarlarining qadimiy nusxalari alohida ajralib turadi.
Qoʼlyozma va toshbosma asarlar orasida salmogʼi jihatidan tabiiyki, Hazrat Navoiy asarlari nusxalari yetakchilik qiladi. Muzey fondida saqlanayotgan “Badoeʼ ul-bidoya” asarining nodir qoʼlyozma nusxasi Navoiy barhayot paytida koʼchirilgan. Xattot Аli ibn Nur bu devonni hijriy 891-yil, milodiy 1486-yil Hirotda yozib tugatgan. U “Badoeʼ ul-bidoya” qoʼlyozmalari orasida eng toʼliq nusxasidir. Bu qoʼlyozma Hirotdagi qadimiy kitobat va xattotlik sanʼatining yorqin namunasidir.
Soʼnggi yillarda bir guruh olimlarimiz tomonidan muzey fondida saqlanayotgan qoʼlyozma va toshbosma asarlarning kataloglari oʼzbek, rus va ingliz tillarida nashrga tayyorlandi va ilmiy jamoatchilikka taqdim etildi.
Shu kunlarda muzey qoʼlyozmalari katalogining yangi nashri chop qilindi. Ushbu nashr muzey fondida saqlanayotgan barcha qoʼlyozmalarni qamrab olgan. Katalogdan fondda saqlanayotgan 800 dan ortiq qoʼlyozma kitob tarkibidagi 1618 ta asarning ilmiy tavsifi oʼrin olgan. Аrabiy, forsiy, turkiy tildagi asarlar asosan adabiyot, tarix, islom falsafasi, fiqh ilmi, mantiq ilmi, tilshunoslik, tibbiyot va boshqa sohalarga taalluqli.
Аlisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida saqlanib kelayotgan va ushbu katalogga kiritilgan qoʼlyozmalar tavsifi boy qoʼlyozma merosimiz bilan qiziquvchi ilm toliblari, mutaxassis va olimlar uchun foydali manba sifatida xizmat qiladi, degan umiddamiz.