1500 dona manzarali ko‘chatlar ekildi

O‘simliklar dunyosi hayot uchun zarur kislorodning asosiy manbai. Tevarak atrofimizdagi turli xil daraxtlar nafaqat muhitni chang va zararli gazlardan tozalaydi, balki insonga o‘zgacha ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi. Respublikamizning turli hududlarida o‘tkazilayotgan “Ko‘chat ekish” aksiyalarining asosi ham atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirishdir.

Joriy yil 4-mart kuni O‘zR FA Yadro fizikasi instituti sanitariya himoyalash maydonida Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi, tuman prokuraturasi, Ichki ishlar bo‘limi hamkorlikda “Ko‘chat ekish” aksiyasi o‘tkazildi.

 

Aksiyada tuman hokimligi mutasaddilari, tuman prokuraturasi hamda IIB xodimlari, mahalla faollari, maktab o‘quvchilari ishtirok etishdi. Aksiya ishtirokchilari FA Yadro fizikasi instituti sanitariya himoyalash maydoniga 1500 dona manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishdi.

 

Ushbu aksiyani o‘tkazishda yaqindan ko‘mak bergan Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi, O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.